Hindistonning Telangana shtatida xo`roz urishtirishdan oldin jangovar parranda o`z egasini o`ldirib qo`ydi, deb yozadi «Times of India».
Polisiya ma`lumotlariga ko`ra, 45 yoshli Tanugul Satish xo`roz urishtirishda qatnashish uchun parrandasini Jagital shahriga olib kelgan. Jang boshlanishidan sal oldin xo`roz qochishga urinib, panjasiga bog`langan pichoq bilan tasodifan egasining chov qismiga zarba berib yuborgan. Qonga belangan Satish mahalliy shifoxonaga yuborilgan, ammo u yo`lda vafot etgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari qasddan bo`lmagan odam o`ldirish holatini qayd etib, xo`rozni polisiya mahkamasiga etkazishdi. Shunga qaramay, ular yangiliklar telekanallarining parranda hibsga olingani haqidagi bayonotlarini rad etishmoqda.
«Polisiya tergov paytida xo`rozni himoya qilish va unga bog`langan pichoq bilan birga sudda taqdim etish uchun javobgardir», — dedi subinspektor B.Jivan.
Uning qo`shimcha qilishicha, parrandaga ayblov e`lon qilinmaydi, lekin odam o`limiga sababchi sifatida sudga taqdim etilishi kerak. Xo`rozning taqdirini sudya hal qiladi.
Jivanning so`zlariga ko`ra, polisiya parranda o`rniga Telangana shtatida taqiqlangan xo`roz urishtirishlarida qatnashgan odamlarni hibsga olib, sudga topshiradi.