AsosiyJamiyat

Urganch markaziy dehqon bozorida narx-navo oshadimi?

'Urganch markaziy dehqon bozorida narx-navo oshadimi?'ning rasmi

Hududlarni rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifalarning bajarilish holatini o`rganish, xalq bilan muloqot qilish va mavjud muammolarga echim topish maqsadida Xorazm viloyatida bo`lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Ro`zmetov vohadagi uchrashuvini Urganch shahri “Yangihayot” mahallasi aholisi bilan muloqot qilishdan boshladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berdi. 

Muloqotlar davomida mahalla fuqarolari ichki yo`llarni ta`mirlash, tungi yoritish chiroqlarini o`rnatish, shahar markaziga qatnovchi transport mashurt yo`nalishlarini uzaytirish, gaz hisoblag`ichlar bilan bog`liq muammolarni o`rtaga tashladi.

“Yangihayot” mahallasida yashovchi R.Ro`zimboev xonadoniga o`rnatilgan zamonaviy gaz hisoblash uskunasining nosozligi, bu bo`yicha hududdagi gaz ta`minoti korxonasiga murojaat qilgani, lekin hech qanday natija bo`lmaganini aytib, tabiiy gazni hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) echish qiyoslashdan o`tkazishda xalq vakilidan ko`mak so`radi.

Deputat bu masala mahalladagi ko`plab fuqarolarni qiynayotganini inobatga olib, muammoni o`z nazoratiga olgan holda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda uni ijobiy hal etishini bildirdi.

Mansurbek Otajonov o`z murojaatida ko`p yillardan buyon ko`cha yo`llaridagi chuqurlarda qor-yomg`ir suvlarining to`planib qolishi natijasida maktabga qatnovchi bolalar qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytdi.

Xalq vakili shahar hokimi bilan birgalikda joriy yilda eng birinchi navbatda zarur bo`lgan shu kabi asosiy ko`chalarning yo`llarini ta`mirlashda ko`mak berishini, bu masalani o`z nazoratiga olishini ta`kidladi.

Sa`dulla Niyozov o`z murojaatida “Najmiddin Kubro” ko`chasi asosiy katta ko`chalardan biri ekanligi, farzandlari maktabga shu ko`chadan qatnashini aytib, fuqarolarning havfsizligi uchun ko`chaga piyodalar yo`laklarini o`rnatish lozimligini bildirdi. Fuqaro Abdulla Karimov esa simyog`ochlar va elektr simlari eskirgani, ularni beton simyog`ochlarga va yangi elektr simlariga almashtirish, tungi yoritish chiroqlarini o`rnatish bo`yicha murojaat qildi.

Har ikkala masala deputat tomonidan nazoratga olinib, echimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so`rovi yuboriladigan bo`ldi.

Xalq noibining uchrashuvlari Urganch markaziy dehqon bozorida davom etdi. Deputat bu erda bozordagi narx-navo barqarorligini ta`minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi. Oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi laboratoriya faoliyati o`rganildi.

O`rganishlar jarayonida “Elga xizmat” rastalaridagi go`sht mahsulotlari tadbirkorlar tomonidan sotilayotgan go`sht narxiga nisbatan ancha arzon, ya`ni 45 ming so`mdan sotilayotgani ayon bo`ldi. Xalq vakili sotuvchilar va haridorlar bilan suhbatlar jarayonida mazkur narxdan va go`sht sifatidan qanchalik qoniqishlarini so`radi. Kimdir bu go`shtlarning sifati yaxshi emasligini, ko`proq suyakli qilib tortilishini aytsa, kimdir bunga e`tiroz bildirmadi.

A.Ro`zmetov fevral oyida viloyat dehqon bozorlarida sotiladigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eng yuqori cheklangan narxlari bo`yicha viloyat hokimi tasdiqlagan jadval asosida narxlarni o`rganar ekan, narxlar sezilarli farqlanmasligiga guvoh bo`ldi. Lekin guruch rastalaridagi narxlar ancha qimmatligi ma`lum bo`ldi.

Bozor ma`muriyati vakillarining aytishicha 2020 yil oktyabrdan 2021 yil sentyabr oyigacha mo`ljallangan zahiraga 200 tonna guruch jamg`arilib, bugungi kunda shundan 60 tonna guruch qolgan. Bu oldimizdagi sholi pishig`igacha etadimi? Masalaning yana bir tomoni shundaki, bu zahira fermerlardan arzon narxda sholi olinib shakllantirilgan.

Asosiy maqsad guruch taqchilligining va narxlarning oshib ketmasligining oldini olish hamda aholiga arzon narxda sholi mavsumiga qadar guruch etkazib berish bo`lgan. Ammo, fermer xo`jaliklaridan olingan sholining pulini qaytarish maqsadida zahiradagi mahsulotning katta qismi tezda sotib yuborilgan.

Viloyat markazidagi bozorda ahvol shu bo`lsa tumanlardagi dehqon bozorlarida oziq-ovqat havfsizligi bo`yicha yig`ilgan zahiraning holati qandayligi kishini tajublantiradi. Agar bu borada o`z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko`rilmasa, bozorlarda mahsulot tannarxi oshib ketishi mumkin.

O`rganishlar yakunida aniqlangan masalalar yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar