AOKAda o`tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov OAV vakillari va blogerlarning sud jarayonlarida ishtirok etish tartibi va sudyalarga nisbatan noxolis ayblovlar yuzasidan bayonot berdi.
Matbuot kotibining ta`kidlashicha, “Sudlar to`g`risida”gi Qonunning 68-moddasida belgilab qo`yilganidek, “Davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishi shart. Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek, uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo`ladi.
️OAV vakillarining sud jarayonlarini videotasvirga tushirish to`g`risidagi iltimosnomasi qanday hollarda sud tomonidan qanoatlantiriladi va aksincha qachon rad etiladi?
" – Bu borada sudlar Oliy sud Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta`minlash to`g`risida” gi qarorining 14-bandidan o`rin olgan tushuntirishga rioya qiladilar.
“Ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyasiya qilishga quyidagi tartibda yo`l qo`yiladi:
- ️fuqarolik ishini ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
- ️jinoyat, ma`muriy, iqtisodiy ishni va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan” deya belgilab qo`yilgan.
Jinoyat kodeksining 236-moddasida “Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya`ni ishni har tomonlama, to`la va xolisona o`rganilishiga to`sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, deb belgilab qo`yilgan.
Sudyaning ruxsatisiz sud jarayonlarini videotasvirga olishga hamda translyasiya qilishga urinish bilan bog`liq jarayonlar ham sud ishlarini hal etishga aralashishning bir ko`rinishidir.
Demak, sudlarga hurmatsizlik ko`rsatadigan, sud majlisi tartibiga rioya etmaydigan, sudning ruxsatisiz sud jarayonlarini videotasvirga olishga urinib, sudyaning farmoyishlariga bo`ysunmaydigan shaxslar bunday xatti-harakatlar salbiy oqibatlarga, xususan, ma`muriy yoxud jinoiy javobgarlikka sabab bo`lishini unutmasliklari kerak", – deydi Aziz Obidov.






