Qoraqalpog`istonning Xo`jayli tumanida 3 kishi devor bosib qolishi oqibatida halok bo`ldi. Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi xabar berdi.
28 fevral kuni soat 13:00da Xo`jayli tumani Ichki ishlar bo`limiga shu kuni soat 12:30 da tumanning “Madaniyat” MFYda fuqaro A.A.ning eski uyini B.Q., S.L. va J.T. buzayotgan paytda devor qulab tushib, ularning uchovi ham devor ostida qolib, voqea joyida halok bo`lgani haqidagi xabar kelib tushdi.
Holat yuzasidan Xo`jayli tumani IIB TB tomonidan O`zbekiston Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o`lishiga sabab bo`lishi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi bo`yicha tergov Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz kuni kecha Toshkentda ijara uydan besh nafar talabaning jasadi topilgandi.






