Ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqandda eski dislokasiya bilan xizmat olib borayotgan YPX xodimi" sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi. Holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati rasmiy munosabat e`lon qildi.
Video lavha o`rganilganda, joriy yilning 11 fevral kuni soat 09:00larda, Samarqand viloyati hududidan o`tgan M-37 avtomobil yo`lining 4-kilometrida viloyat IIB YHXB YPX xodimi Sh.Bozorov tomonidan "Matiz" rusumli avtomobil to`xtatilganligi, o`zaro muloqot vaqtida "YPX xodimi taqdim etgan dislokasiya ko`chirmasining amal qilish muddati o`tgan"- deya haydovchi e`tiroz bildirganligi, haydovchi me`yoriy hujjatlarini xodimning qo`liga taqdim etmaganligi holati aks etgan.
O`zaro muloqot avtomobilda bo`lgan yo`lovchi tomonidan tasvirga olinib ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda. Tekshiruv xulosasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.






