O`tgan o`quv yilida barchaga abiturientlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilindi. Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport ma`lumotlari (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami -JShShIR) kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to`lgan bitiruvchilar o`z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi maktab bitiruvchilarini ogohlantirish bilan chiqdi.
Bu jarayonda Xalq ta`limi vazirligi DTM bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yib, OTMga hujjat topshirish uchun bitiruvchilarga yanada qo`laylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integrasiya qilingan.
Ma`lumot uchun, joriy o`quv yilida maktablarni 437 mingdan ortiq o`quvchilar bitiradi. Bugungi kunda bitiruvchilarning elektron ma`lumotlar bazasi attestat.uzedu.uz saytida 16 yoshga to`lgan 153 mingdan ortiq bitiruvchilar (35%) pasport olmagan.
"Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchi yoshlar!
Fuqarolik huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to`lgan maktab bitiruvchilarining o`z vaqtida pasport olishini ta`minlashingizni so`raymiz.
Maktab ma`muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport ma`lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularni kelgusida oliy ta`lim muassasalariga hujjatlarini topshirishda ko`maklashishga chaqiramiz",–deyiladi vazirlik axborotida.
Eslatib o`tamiz, 16 yoshga to`lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun o`zlari doimiy ro`yxatda turgan hududdagi Ichki ishlar organlarining migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga murojaat etishlari mumkin.