AsosiyJamiyat

Hokimlik yuridik xizmatidagi 12 xodimining martaba darajasi pasaytirildi

'Hokimlik yuridik xizmatidagi 12 xodimining martaba darajasi pasaytirildi'ning rasmi

Qonunlarning maqbulligi, mukammalligi, oshkoraligi, xalqchilligi va samaradorligini ta`minlash huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati shakllanishida muhimdir. Mazkur jarayonda adliya organlarining oldida turgan dolzarb masalalardan biri mahalliy norma ijodkorligini yanada takomillashtirish va hokimlikning bu boradagi faoliyati ustidan tizimli nazorat o`rnatish hisoblanadi.

Shu bilan birga, joylarda yuzaga kelayotgan bir qator muammolar ham borki, ularni o`z vaqtida va samarali hal qilinmasdan qolmoqda.

Hokimliklar tomonidan korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlar uchun ortiqcha ma`muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan, vakolat doirasiga kirmaydigan ayrim hujjatlarning qabul qilinishi hamon uchramoqda. 

Mazkur muammolar o`z ortidan yana bir qator holatlarni yuzaga keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga putur etkazilishi, davlat hokimiyati idoralariga nisbatan fuqarolarning ishonchi pasayishi, noqonuniy qabul qilingan qarorlarning huquqni muhofaza qiluvchi, prokuratura va sud organlari tomonidan bekor qilinishi va hokazo.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomalarida “oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilinganligi” tanqid ostiga olindi.

Ayrim hokimliklar yuridik xizmat xodimlari tomonidan o`z majburiyatlari va funksiyalari zarur darajada bajarilmaganligi oqibatida hokimliklarni huquqiy ta`minlash talab darajasida ta`minlanmaganligi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar kelib chiqishiga sabab bo`lmoqda.

Shunga ko`ra, adliya organlari tomonidan hokimliklarning yuridik xizmatlari faoliyati o`rganilganda quyidagilar aniqlandi:

🔹 ayrim hokimliklarning yuridik xizmat xodimlari xizmat majburiyatlarini o`z vaqtida va sifatli bajarmayapti;

🔹 hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlar va farmoyishlar prokuratura, sud, adliya va boshqa organlari ta`sir choralari asosida bekor bo`lmoqda;

🔹 yuridik xizmat xodimlari ustidan ko`plab shikoyatlar kelib tushmoqda;

🔹 xizmat vazifalarini muntazam ravishda etarlicha bajarmaslik odat tusiga aylanib borayapti.

Bu kabi aniqlangan tizimli kamchiliklarga yo`l qo`ygan, zimmasiga yuklangan funksiyalarni o`z vaqtida va muntazam ravishda lozim darajada bajarmayotgan Asaka, Jizzax va Xonobod shahar hokimliklari hamda Bog`ot, Jondor, Kosonsoy, Navbahor, Nishon, Sariosiyo, Toshloq, Xovos, Qonliko`l tuman hokimliklari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari bir pog`onaga pasaytirildi

Ko`rilayotgan ushbu choralardan asosiy maqsad hokimliklar faoliyatida fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklari poymol bo`lishi hamda tadbirkorlik sub`ektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma`muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar o`rnatilishini oldini olishdir.

Kelgusida qonun hujjatlari bilan o`ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni etarlicha bajarmayotgan, jumladan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari ijrosi ta`minlanishini nazorat qilmagan barcha davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga ham shunday choralar ko`riladi.

    Boshqa yangiliklar