AsosiyJamiyat

Davlat dasturining qaysi bandlari bajarilmadi?

'Davlat dasturining qaysi bandlari bajarilmadi?'ning rasmi

“Yuksalish” umummilliy harakati  matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi bo`yicha onlayn monitoring olib borish maqsadida maxsus platforma (jamoatchilik.uz)ni ishga tushirgan edi. Davlat dasturi doirasida joriy yilning fevral oyida 7 ta band bo`yicha vazifalar ijrosi ko`zda tutilgan. 


Monitoring davomida Davlat dasturining 8 ta bandi ijrosi ta`minlanganligi ma`lum bo`lgan. Shundan, 5 ta band muddatidan avval bajarilgan. 


Shuningdek, fevral oyida bajarilishi lozim bo`lgan ayrim bandlar bo`yicha ijro muddatlariga amal qilinmagan. 


Jumladan, 73-band yuzasidan Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovasion markazini tashkil etish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi o`z vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan. 


151-band bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari, startap va g`oyalarini yanada qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo`lib, loyiha o`z vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan.


184-bandda ko`zda tutilgan aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari bajarilmadi. Bunda, kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro`yxatini ishlab chiqish va tasdiqlash, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar ko`rsatishni yo`lga qo`yish nazarda tutilgan. 


218-band bo`yicha Madaniy meros ob`ektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta`minlash bo`yicha dastur qabul qilinmagan.


Bugungi kungacha yuqoridagi to`rtta band ijrosiga mas`ul vazirlik, idoralar tomonidan ijro muddati kechiktirilgani yoki qo`shimcha ishlanishi belgilangani haqida jamoatchilikka tushuntirish berilmadi.


Qayd etilishicha, Davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish jarayonida ijro intizomiga oid qator kamchiliklar o`tgan yillar mobaynida ham kuzatib kelindi. Davlat idoralarida ijro intizomi pastligi tanqid qilindi. Joriy yilning 10 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida mas`ul ijrochilar — Bosh vazir o`rinbosarlari, vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, hokimlar va sektor boshliqlari zimmasiga tegishli har bir ko`rsatkichga erishish bo`yicha shaxsiy javobgarlik yuklatilishi ta`kidlandi. 

 

Eslatib o`tilishicha, 2021 yil 18 yanvar kuni “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilindi. 3 fevral kuni Davlat dasturini tasdiqlash to`g`risidagi Prezident farmoni imzolandi.


Joriy yilgi Davlat dasturi 273 banddan iborat. Unda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion so`m, 2 milliard 600 million AQSh dollari va 57 million evrodan ziyod mablag` yo`naltirilishi ko`zda tutilgan.

 

 

    Boshqa yangiliklar