3 mart kuni Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro X.N. viloyat IIBBga korrupsion harakat yuzasidan ariza bilan murojaat qiladi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qidinishicha, o`zini E.N. «DXX Toshkent shahar boshqarmasi kadrlar bo`limi boshlig`i» deb tanishtirgan shaxs o`g`lini DXX harbiy qismlaridan biriga ishga kiritib qo`yishi uchun 5 000 AQSh dollari talab qilayotganligini ma`lum qilib, qonuniy chora ko`rishini so`raydi.
Mazkur arizaga asosan, «Zarbdor oyligi» doirasida Toshkent viloyati IIBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va O`z xavfsizlik boshqarmasi viloyat bo`limi xodimlari va DXX xodimlari hamkorligida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o`tkaziladi.
Tadbir davomida o`zini – E.M. «DXX Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo`limi boshlig`i» deb tanishtirgan shaxs, katta leytenant unvonidagi DXXning xizmat kiyimi (formasi)da arizachidan kelishilgan 5 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarini olayotgan vaqtda, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
O`tkazilgan suhbat davomida ushbu shaxs – Surxondaryo viloyatida yashovchi 1998 yilda tug`ilgan E.M., hech bir davlat organi yoki boshqa tashkilotda ishlamasligi, shuningdek, avvalroq DXXga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`taganligi aniqlangan.
Ushlangan shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






