Prezident «Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorni imzoladi.
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo`llab-quvvatlashga doir islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o`rtasida keng targ`ib qilish;
- xotin-qizlarning ta`lim va kasbiy ko`nikmalar olishi, munosib ish topishiga har tomonlama ko`maklashish, tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini to`g`ri yo`naltirish;
- hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko`rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o`rtasida sog`lom turmush tarzini ta`minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
- turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta`minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko`paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
- xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, ilg`or tajribalar asosida mavjud muammolarni hal qilish bo`yicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda farzand tarbiyasidagi rolini oshirish choralarini ko`rish;
- hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi «Ayollar maslahat kengashlari» faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini ta`minlash, ularga uslubiy-amaliy ko`maklashish;
- «Ayollar daftari» bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlar muammolari o`z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.






