AsosiyJamiyat

Prezident Urush va mehnat faxriylari pansionatidagi nuroniylar holidan xabar oldi

'Prezident Urush va mehnat faxriylari pansionatidagi nuroniylar holidan xabar oldi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 6 mart kuni Urush va mehnat faxriylari pansionatini borib ko`rdi. Yotoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari muassasada yashayotgan faxriylar bilan suhbatlashdi.

- Bu erga kelib, Vatanimiz uchun ko`p mehnat qilgan sizdek mo``tabar insonlar bilan uchrashib turganimdan juda xursandman. Fursatdan foydalanib, bu erdagi aziz onaxonlarimizni, shifokor ayollarimizni yaqinlashib kelayotgan 8 mart bayrami bilan tabriklayman, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Nuroniylar davlatimiz rahbariga tashrifi, keksa avlodga e`tibori uchun minnatdorlik bildirdi.

Urush va mehnat faxriylari pansionatida 138 nuroniy davlat ta`minotiga olingan. Prezidentimiz bu erda madaniy tadbirlar o`tkazish uchun yangi bino hamda pansionatga tutash 3 gektar maydonda Nuroniylar parkini barpo etish bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatma berdi.

Videokonferensiya tarzida o`tgan uchrashuvda Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar, ijtimoiy muassasalar rahbarlari ham ishtirok etdi. Mamlakatimizdagi «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi sharoitlarni, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

- Bugun boshqacha uchrashuv bo`ladi. Faqat bu pansionat emas, mamlakatimizdagi barcha 34 ta «Saxovat» va «Muruvvat» uyini yaxshilash choralarini kelishib olamiz. Ularda jami 9 ming 700 o`rin mavjud bo`lib, hozirda 8 ming 840 nafar nuroniylarimiz yashab, davolanyapti. Lekin bu uylarga hech kim kirmagan, faqat bayramlardagina eslangan, tartib, e`tibor bo`lmagan. Bunday insonlar mehr izlaydi, e`tibor izlaydi. Ularning duosini olsak, yurtimizga baraka yog`iladi, - dedi Prezident.

«Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi tibbiy uskuna va jihozlarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya bo`limlari tashkil qilish bo`yicha topshiriq berildi. Barcha muassasalarga avtobus sovg`a qilib, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga sayohatlarini uyushtirish, konsert dasturlari, havaskorlik to`garaklari tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.  

Sog`liqni saqlash vazirligiga barcha “Saxovat” va “Muruvvat” muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, oziq-ovqat va dori-darmon ta`minoti me`yorlarini qayta ko`rib chiqish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar