Inson farzandli bo`lgach, uning baxtu kamolini ko`rishni, kelajakda uning orqasidan yaxshi gaplar eshitishni istaydi. O`zi emay-ediradi, kiymay-kiydiradi. Ammo sizga hikoya qilmoqchi bo`lgan voqeamiz qahramonlariga bunday baxt nasib etmadi. Aksincha, qizining shar`iy turmush o`rtog`i tomondan ona turtkilandi, ota esa pichoqlandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudi raisi Iroda Muhamedova xabar qildi...
Qaynonasini itarib yubordi, qaynotani esa...
Sudlanuvchi Karim Isroilov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2020 yil 29 iyul kuni shar`iy nikohida bo`lgan turmush o`rtog`i Dilorom Hasanova bilan o`rtalarida kelib chiqqan o`zaro kelishmovchilik natijasida, Diloromning uyiga kelib, shu erda uning otasi Sa`dulla Hasanov va onasi Gulbahor Hasanovalar bilan o`rtalarida o`zaro janjal kelib chiqadi. Diloromning onasi Gulbahor opa Karim Isroilovning yo`lini to`sgan vaqtda uni itarib yuboradi. Gulbahor Hasanova yiqilib tushish oqibatida tan jarohati oladi. Bu holatni ko`rib, janjalning oldini olish maqsadida uning yoniga kelgan Diloromning otasi Sa`dulla Hasanovning ko`krak, qorin va elka sohasiga yonida bo`lgan suvenir pichoq (finka) bilan tan jarohati etkazib, hodisa joyidan yashiringan. IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida Karim Isroilov xonadonida qo`lga olingan.
“Xiyonatda gumon qildim...”
Sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan Karim Isroilov sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagilarni bayon qildi:
– Dilorom bilan 2016 yilda tanishib qoldik. U turmushidan ajrashgan bo`lib, bir nafar farzandi bor edi. Uylanmagan yigit bo`lishimga qaramay, uni yaxshi ko`rib qoldim. Diloromning ham menda ko`ngli bor edi. Ota-onamning turmush qurishimizga qarshilik qilishini bilganim uchun shar`iy nikoh o`qitib, yashirincha yashay boshladik. Bundan faqatgina Diloromning ota-onasi xabardor edi. Turmushimiz davomida kelishmovchiliklar bo`lib turganiga qaramay, tezda yarashib olardik. 2017 yilning 17 oktyabr kuni ota-onamning qistovi bilan Matluba ismli qizga qonunan uylandim. Uylanishimga Dilorom qarshilik qilmadi. Shunday qilib, ikkisi bilan ham yashay boshladim. 2019 yilning dekabrida Matluba qiz farzandli, 2020 yilning fevralida Dilorom o`g`il farzandli bo`ldi. 2020 yilning mart-aprel oylarida Dilorom bilan o`rtamizda tushunmovchiliklar avjiga chiqib, tez-tez janjal bo`lib turdi. U mendan arazlab qarindoshlarining uyiga ketib qoladigan odat chiqardi. 2020 yilning 24 iyul kuni Diloromni yo`qotib qo`ydim. Qo`ng`iroq qilsam, telefoni o`chgan. Shu bilan 26 iyul kuni go`shakni ko`tardi. Undan nimaga telefoni o`chganligini so`rasam, Nurafshon shahrida xolasinikida ekanligini, u erda antenna yo`qligini aytdi. Men uning gaplariga ishonmadim, ich-ichimdan uni rashk qilib, xiyonatda gumon qildim. Shundan keyin janjalimiz bir necha kun davom etdi. Unga sening bu yurishining bolamizning tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, bolani olib qo`yaman, dedim. O`sha voqea sodir bo`lgan kuni men uning uyiga bordim. Eshik yopiqligi uchun devor orqali hovliga sakrab tushdim. Yo`limni Diloromning onasi Gulbahor Hasanova to`sdi, jahlim chiqib turganligi uchun uni tirsagim bilan turtib yubordim. Shu payt yo`limdan qaynotam Sa`dulla Hasanov chiqdi. U bor kuchi bilan yoqamdan tortgani uchun jahl ustida cho`ntagimda bo`lgan suvenir ochilib-yopiluvchi (finka) pichoqni to`rt-besh marotaba unga sanchdim... Hozirda qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman, hammasini jaµl ustida qildim...
Jinoyatchiga jazo tayinlandi
Sudlanuvchi JKning 104-moddasi 3‑qismi “a” bandi bilan aybli, deb topildi. Unga shu moddaga asosan JKning 57‑moddasini qo`llagan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Lola ShOIMOVA, jurnalist