Ijtimoiy tarmoqlarda «Grand Soft Invest» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taqdim etilgan ««Tez Chat» mobil ilovalar uchun ko`p funksiyali messenjer platforma» innovasion loyihasi Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan rad etilgani muhokamalarga sabab bo`ldi.
Rad etilganlik holati bo`yicha Innovasion rivojlanish vazirligi bayonot berdi.
Eslatib o`tamiz, ushbu vazirlik ilmiy va startap loyihalar tanlovini o`tkazish, ularni moliyalashtirish, monitoringini amalga oshirish uchun mas`ul davlat organi hisoblanadi.
Bayonotda ma`lum qilinishicha, ekspertlar «Grand Soft Invest» MChJ tomonidan taqdim etilgan innovasion loyiha asosida ilmiy tadqiqot ishlari mavjud emasligini aniqlashgan.
" – Mazkur loyiha mualliflari ushbu loyihani bajarish uchun to`rt milliard ikki yuz yigirma million to`qqiz yuz yigirma to`rt ming so`m miqdorida pul mablag`lari so`ragan. Tanlov natijalariga ko`ra vazirlik tomonidan berilishi lozim bo`lgan bu pullar byudjet mablag`lari bo`lib, xalqning pulidir. Ekspertlar tomonidan salbiy baholangan, hatto mazkur loyiha rahbari o`zi loyihaning kamchiliklari bor, deb turgan paytda mana shu mablag`ning ajratilishi bu xalqimizga, davlatimizga xiyonat bo`ladi.
O`z navbatida loyiha rahbari tanlov natijalaridan norozi emasligini bildirgan. Loyiha rahbari Zaynidinov Hakimjon Nasiridinovichning «Grand Soft Invest» mas`uliyati cheklangan jamiyatida faoliyat yuritmasligi ham tanlov shartlarining qo`pol buzilishi sanaladi. Mazkur tanlov natijalaridan loyiha topshirgan korxona rahbari norozi, loyiha rahbari emas. Vaholanki, pul mablag`laridan loyiha rahbari foydalanadi va ilmiy tadqiqot uchun ham shaxsan Hakimjon Zaynidinov mas`ul hisoblanadi", - deyladi bayonotda.
Shu o`rinda mazkur tanlov Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan qayta e`lon qilingani ma`lum qilinadi. Tanlov bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin: https://mininnovation.uz/uz/competitions/2927. Shu yo`nalish bo`yicha tadqiqotlar olib borish istagida bo`lgan barcha ilmiy jamoalarni, xususan Grand Soft Invest» mas`uliyati cheklangan jamiyati ilmiy jamoasini ham mazkur tanlovda ishtirok etishga taklif etildi.