Federasiya Axborot xizmati ma`lumotiga ko`ra, tashkilot faoliyatida ochiqlikni ta`minlash masalasi alohida o`rin tutadi. Kasaba uyushmalari Federasiyasi doimo ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiq bo`lgan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Kasaba uyushmalari Federasiyasi rahbariyati uchun OAV bilan hamkorlik doimo ustuvor ahamiyatga ega bo`lib kelgan.
Shu bois, ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha Respublika komissiyasining har bir yig`ilishi OAV ishtirokida o`tmoqda. Mazkur komissiyaning joriy yil 9 mart kungi kengaytirilgan tarzdagi videoselektor yig`ilishiga ham bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, shu jumladan internet nashrlari jurnalistlari ham taklif etildi.
Respublika komissiyasi yig`ilishi ikki qismdan iborat bo`lgani bois OAV vakillari tadbirning birinchi qismiga taklif etilgan. Ikkinchi qismda kollegial masalalar muhokama qilinishi sababli, unda jurnalistlar ishtiroki ko`zda tutilmagan edi. Lekin, tadbir reglamenti OAV vakillariga batafsil va o`z vaqtida etkazilmaganligi sababli ayrim tushunmovchilik holatlari yuzaga kelgan.
Respublika komissiyasi faoliyatini keng jamoatchilikka etkazish, ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarining hal etilishi, xususan, ular bandligini ta`minlash, salomatligini mustahkamlash, tadbirkorligini yo`lga qo`yish orqali doimiy daromad manbaiga ega bo`lishlariga ko`maklashish, ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlardan keng jamoatchilikni xabardor etishdan komissiyaning o`zi manfaatdor.
Shu bois, Federasiya bundan keyin ham kasaba uyushmalari faoliyatining ustuvor yo`nalishlarida olib borilayotgan ishlarni xolis va haqqoniy yoritib borishda OAV bilan hamkorlikka doim tayyor va ochiq ekanligini bildiradi, deyilgan rasmiy bayonotda.






