1

Xorazmda shifokorlar aybi bilan ayol va uning bolasi tug`ruq vaqtida vafot etdi

Jamiyat 10.03.2021, 08:25
Xorazmda shifokorlar aybi bilan ayol va uning bolasi tug`ruq vaqtida vafot etdi

Xiva shahar, “Mevaston” mahallasi, K.Devoniy ko`chasi, 10-uyda yashagan, 12.06.1985 yilda tug`ilgan Madaminova Dinara Zafarboevna Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida kesar kesish amaliyoti vaqtida vafot etdi. Bu haqda Xorazm viloyati prokuraturasi xabar berdi.  

Aniqlanishicha, 12.06.1985 yilda, Xiva shahrida tug`ilgan fuqaro Madaminova Dinara Zafarboevna 2021 yil 2 fevral kuni soat 11:40 larda Xiva TTBga qarashli akusherlik kompleksiga “4-xomiladorlik, 4-tug`ish, GR-40 hafta 6 kun, soxta tug`ruq”  tashxisi bilan qabul qilingan.

2021 yil 3 fevral kuni soat 10.30larda bemor D.Madaminovaning jinsiy a`zosiga tug`ruq chaqiruvchi maxsus “GLANDIN-E” dori vositasi qo`yilgan. Shu kuni soat 18:05da bemor D.Madaminovada tug`ruq faoliyati boshlangan, ushbu vaqtda unga “homiladorlik IV, 40 xafta 6 kun, tug`ruq IV. tug`ruqqacha qog`onoq pardasini yorilishi, tug`ruqning I-davri” tashxisi qo`yilgan. Soat 18:35da (muntazam tug`ruq faoliyati boshlanganidan so`ng 20 daqiqa o`tgach) bemor ahvoli keskin og`irlashgan. Butun badanida og`riq bo`layotganligi, havo etishmasligi, ko`z oldi xiralashganligidan shikoyat qilgan. Es-xushi karaxt holatda, savollarga aniq javob bermagan, pulsi 1 daqiqada 110 zarba, arterial qon bosimi 80/40mm.simob ustuniga teng bo`lgan, bachadon tonusi oshgan, homilada yurak urishi aniqlanmagan.

Shu kuni, soat 19:10da bemor D.Madaminovada keser kesish amaliyoti boshlangan, 19:13 da o`g`il jinsli chaqaloq o`lik holda olingan. Chaqaloq vazni 4180 gramm, uzunligi 53 sm. bo`lgan. soat 19:25da bemorda klinik o`lim sodir bo`lganligigi sababli keser kesish amaliyoti vaqtincha to`xtatilgan va 20:40da amaliyot qayta davom ettirilgan.

Bemorga yuritilgan 428|51-sonli tibbiy bayonga ko`ra, D.Madaminovada soat 22.40 da biologik o`lim qayd etilgan. O`limdan keyingi tashxis: “bachadon ekstirpasiyasidan keyingi xolat, yurak qon tomir etishmovchiligi II-III darajasi, qon aylanishining buzilishi II-III darajasi”.

Bundan tashqari, Xiva shahar, “Mevaston” mahallasi, K.Devoniy ko`chasi, 10-uyda yashagan, 12.06.1985 yilda tug`ilgan fuqaro Madaminova Dinara Zafarboevna 2021 yilning 3 fevral kuni kesir kesish jarrohlik amaliyoti vaqtida Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida soat 22:40larda vafot qilganligi holati yuzasidan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filiali tomonidan sud-tibbiy va komissiyaviy sud-tibbiy ekspertizalari o`tkazilgan.

Jumladan, 20.02.2021 yildagi 5-sonli sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra D.Madaminova o`limiga “bachadon bo`yin orqa devori yirtilishi, kesir kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemoragik shok) oqibatidagi o`tkir yurak va qon tomir etishmovchiligi” sabab bo`lgan.

Ushbu o`lim sababi  Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filialining 02.03.2021 yildagi 108-sonli komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan o`z tasdig`ini topgan.

Shuningdek, 108-sonli komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasida D.Madaminovani davolash ishlari (ko`rik, dori vositalari) O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tug`ruq muassasalarida perinatal yordam ko`rsatishning sifatini oshirish bo`yicha milliy standartlar hamda Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan belgilangan qoidalarga asosan to`g`ri tashkil qilinmaganligi, ya`ni yo`ldoshning vaqtidan oldin ko`chishi va qon ketishi bo`lganidan operativ tug`ruq amalga oshirilishi zarur bo`lsada, D.Madaminovada kesir kesish jarrohlik amaliyoti davolovchi va navbatchi shifokorlar tomonidan kech boshlanganligi, amaliyot boshlashdan oldin bemor ahvoli to`liq baholanmaganligi  hamda D.Madaminovaning o`limiga sabab bo`lgan “bachadon bo`yin orqa devori yirtilishi, kesar kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemoragik shok) oqibatidagi o`tkir yurak va qon tomir etishmovchiligi” mas`ul shifokorlarning hatoliklarga yo`l qo`yganligi oqibatida kelib chiqqanligi, shuningdek, D.Madaminovning ahvoli og`irligi, gemodinamik ko`rsatgichlarining pastligi akusher-ginekologlar tomonidan jarrohlik amaliyoti taktikasi noto`g`ri tanlanganligi, ya`ni yuqoridagi milliy standartlarga  ko`ra bachadon devori yirtilib, o`tkir qon ketishi kuzatilganilganida to`g`ridan-to`g`ri bachadon ekstirpasiyasi o`tkazish kerakligi qayd qilingan.

Bundan tashqari, ekspertiza xulosasiga ko`ra, bemorni operasiyaga o`z vaqtida tayyorlab, operasiya orqali uni chaqalog`i olinganida, chaqaloq va bemorning hayotini saqlab qolish imkoni mavjud bo`lgan.

Vaholanki, D.Madaminovaga nisbatan yuritilgan kasallik tarixida o`lim sababi “bachadon ekstirpasiyasidan keyingi xolat, yurak qon tomir etishmovchiligi II-III darajasi, qon aylanishining buzilishi II-III darajasi” qilib ko`rsatilgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Xiva shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasi bo`yicha 2021 yil 3 mart kuni bemor Madaminova Dinara Zafarboevnaning Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida vafot qilganligi holati yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1