1

Termizda ikkita oilaviy poliklinika ishga tushdi

Jamiyat 10.03.2021, 12:36
Termizda ikkita oilaviy poliklinika ishga tushdi

Kuni kecha Termiz shahrida bir yo`la ikkita oilaviy poliklinika ishga tushirildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

 Yangi oilaviy poliklinikalarning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi Narimon Umarov, Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiev, viloyat mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, senator Orziqul Soatov so`zga chiqib, so`nggi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar salomatligini ta`minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishda yuksak samaralar berayotganini ta`kidladi. Yangi tibbiy inshootlarni qurish va mavjudlarini ta`mirlab, jihozlashga e`tibor kuchaytirilganini alohida qayd etdi.

“Bo`kaagroqurilish” mas`uliyati cheklangan jamiyati bunyod etgan birinchi va to`rtinchi oilaviy poliklinikalarda ham barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Zarur axborot texnologiya vositalari, tibbiy texnikalar bilan ta`minlangan. Sterilizasiya va UTT apparatlari bilan jihozlangan. Emlash xonalarida “COVID-19” ga qarshi emlash punktlari barpo etilib, vaksinani sifatli saqlash va ishlatish uchun muzlatkich va boshqa zamonaviy jihozlar o`rnatilgan.

Birinchi oilaviy poliklinikada 12 nafar malakali shifokor, 36 nafar o`rta tibbiyot va boshqa xodimlar mehnat qilib, viloyat markazidagi “Bog`ishamol”, “Guliston”, “Mexrabod”, “Tuproqqo`rg`on”, “Surxon sohili”, “Gulira`no”, “Manguzar” va “Chegara” mahallalarida yashaydigan 44 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko`rsatadi.

Mahallalar aholisi uchun qulay hududda qad rostlagan oilaviy poliklinika hozirgacha Termiz shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi binosida faoliyat yuritib keldi. Bu aksariyat aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo`lgan fuqarolar uchun qator noqulayliklarni yuzaga keltirayotgan edi. Yangi inshootning foydalanishga topshirilishi bilan bu masala o`z echimini topdi.

Shodlik mahallasi hududida barpo etilgan to`rtinchi oilaviy poliklinikada 10 nafar etuk shifokor, 52 nafar o`rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritib, 3-oilaviy poliklinika binosida “Bog`zor”, “Saxovat”, “Shodlik”, “Eski shahar”, “A.Jomiy”, “Ma`rifat” mahallalarida yashaydigan 31 mingga yaqin fuqaroga tibbiy xizmat ko`rsatayotgan edi. Bayram arafasida yangi inshootning foydalanishga topshirilishi ularga bir olam quvonch ulashdi.

Tantanali marosimlar yakunida tadbir ishtirokchilari oilaviy poliklinikalarda mavjud sharoitlar bilan tanishdi. Elektron poliklinika tizimida ishlash jarayonlari bilan qiziqdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1