1

"Xalq birlashsa, chin Hofizi o`lmaydi, Duo qiling, Sheralijon tuzalsin!" Iqbol Mirzo Sherali Jo`raev haqqiga she`r yozdi

Jamiyat 11.03.2021, 10:13
"Xalq birlashsa, chin Hofizi o`lmaydi,  Duo qiling, Sheralijon tuzalsin!" Iqbol Mirzo Sherali Jo`raev haqqiga she`r yozdi

So`nggi kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston xalq hofizi Sherali Jo`raevning sog`ligi yomonlashgani bilan bog`liq turli xabarlar tarqaldi. Qator ijodkor, jurnalist va Jo`raevlar xonadoniga yaqin bo`lgan insonlar ushbu xabarlar asossizligini aytib, xofizni ayni paytda Turkiyada ta`lim olayotgan qizining oldiga ketgani haqida ma`lum qilishdi. 

"Facebook" ijtimoiy tarmog`ida Sohibjon Alijonov O`zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning O`zbekiston xalq xofizi Sherali Jo`raev haqqiga duo qilib yozgan she`ri bilan bo`lishdi. 

ShERALI HOFIZ HAQQIGA

Dilingizga Haq mug`anniy so`z solsin,

Kaftingizga farishtalar ko`z solsin,

Dadam uni Sheralijon der edi,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

U kuylasa, qo`yilardi qoshiqlar,

Unga oshno oshiqlaru ma`shuqlar,

Milliy g`oya bo`lgan teran qo`shiqlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

O`zbegim, deb na`ra tortgan chog`lari

Ariganday bo`ldi elning dog`lari,

Esga tushdi do`ppi-yu belbog`lari,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Kimlarga tog`, kimlargadir qir umr,

Kimlarga jo`n, kimlargadir sir umr,

Qishin-yozin xizmat qildi bir umr,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Rahmat, sizga, boshidan pul sochganlar,

Yaxshi kunda katta quchoq ochganlar,

Yomon kunda to`yda ko`rsa qochganlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Hayot ekan, ko`rdik allakimlarni,

Kim zo`r bo`lsa, ta`qiq toshin ilardi.

O`zi pinhon Sheralini tinglardi,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Navoiyni elga yoygan ustoz u,

Bobur Mirzo ilkidagi shahboz u,

Allaqachon klassik u, mumtoz u,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Kambag`alning darmonidir navosi,

Qo`lin olmoq ulusning muddaosi,

Jigarimiz, oilamiz a`zosi...

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Qo`shig`ini aytib shuhrat topganlar,

Shuhrat kirgach, eshigini yopganlar,

To`ralarning davrasiga chopganlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Xalq so`rasa, Xalloq bermay qo`ymaydi,

Bir tan bo`lib birlashmasak bo`lmaydi,

Xalq birlashsa, chin Hofizi o`lmaydi,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Hofiz ulkim, Haq mushafin yod etgan,

Muslim ulkim, kufriyatni yot etgan,

Inson ulkim, millatim deb dod etgan,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

She`r yozmadim, duo yozdim subhidam,

Sherakadek kuldi ro`yi tal`at ham.

U sog`ayar, sog`ayadi san`at ham,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

IQBOL MIRZO

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1