Avvalroq, Qirg`iziston Prezidenti Sadir Japarov O`zbekistonga tashrif buyurgani va Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo`ygani haqida xabar bergan edik.
Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ayni damda Toshkent shahrida O`zbekiston-Qirg`iziston biznes-forumi va birinchi ishbilarmonlar kengashining yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Unda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Qirg`iziston iqtisod va moliya vaziri Ulukbek Karmshakov, yurtimiz hamda Qirg`iziston Respublikasidan tashrif buyurgan Savdo-sanoat palatasi vakillari, shuningdek, sohaga aloqador qator mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad – ikki davlat o`rtasidagi yaqin hamkorlik va do`stlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Yuqori darajada tashkil etilgan biznes-forumda Toshkent viloyati hokimining o`rinbosari Jamshid Abdusalomov ham ishtirok etib, Bishkek shahrida faoliyat yuritayotgan “Indastril Korporeyshn” kompaniyasi vakillari bilan yangi investisiya loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borib, 2 ta yangi yirik loyihaning tashkiliy ishlari, hamkorlik istiqbollari yuzasidan kelishuv imzoladi.
Kelishuvga ko`ra, endilikda viloyat hududida O`zbekiston-Qirg`iziston hamkorligi asosida umumiy qiymati 1,5 million AQSh dollariga teng yirik chorvachilik kompleksi, 1,5 million dollarlik yuqori darajadagi olovga chidamli g`isht mahsulotlari hamda quvurlar ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib borilib, har ikkala davlat mutaxassislari o`rtasida yaqin hamkorlik aloqalari keng yo`lga qo`yiladi.