Xbar berganimizdek, Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlandi.
Parlament yuqori palatasining o`n uchinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning 2020 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisoboti muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.
Ta`kidlanishicha, Vakil va uning joylardagi vakili tomonidan 7 ta asosiy soha bo`yicha ishlar qilingan.
Xususan, inson huquqlari to`g`risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llashning oldini olish sohasida qator sa`y-harakatlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, Vakilning aholi murojaatlari bilan ishlashda o`tgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy o`zgarishlarga erishilgan bo`lsa-da, hisibot davrida 176 ta murojaat qonun talablariga muvofiq belgilangan tartibda anonim, deb topilgan. Biroq mazkur murojaatlarda ko`tarilgan masalalarni Vakil tashabbusi bilan ko`rib chiqish amaliyoti yo`lga qo`yilmagan.
Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo`llanilishining oldini olish maqsadida o`tkazilgan monitoringlar natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan huquqiy targ`ibotning samarali tashkil etilmaganligi oqibatida qamoqda saqlash joylarida bir qator kamchiliklar hamda o`z echimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Ya`ni:
jazoni ijro etish muassasasi xodimlari “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) to`g`risida”gi Qonundan to`liq xabardor emasligi;
ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan to`liq ta`minlanmaganligi tanqid qilindi.
Bundan tashqari, Vakilning mintaqaviy vakillari o`z faoliyatini targ`ib qilish ishlarini samarali yo`lga qo`ymaganligi ta`kidlandi.
Majlisda senatorlar tomonidan:
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) to`g`risida”gi va “Bolalar Ombudsmani to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini ishlab chiqish;
jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o`tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimli yo`lga qo`yish;
murojaatlar bilan ishlashda tahlillarga asoslangan holda fuqarolarning huquqlari buzilishi to`g`risida axborotni shakllantirishning yagona mezonini ishlab chiqish, shuningdek, anonim murojaatlarni ham e`tiborga olish;
O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi ko`rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish vakolatidan faol foydalanish tavsiya etildi.
Bola huquqlari bo`yicha vakilga:
bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta`minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta`sirchan tizimini yaratish maqsadida Bola huquqlarini ta`minlash bo`yicha O`zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini yil yakuniga qadar ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga kiritishni;
vakolatli organ tomonidan bolalarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga qilgan murojaatlarining to`liq ko`rib chiqilishini ta`minlash hamda qanoatlantirilganligi ustidan doimiy monitoring yuritish tizimini joriy etishni;
harakatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to`g`risida tegishli organlarga iltimosnoma yuborish bo`yicha faoliyatini ko`chaytirishni;
“Mehribonlik uyi” bitiruvchilarini yashash uylari hamda doimiy ish joylari bilan ta`minlanishi bo`yicha muntazam monitoring o`rnatish borasida tavsiyalar bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.