AsosiyJamiyat

Senatorlar Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan vazifalarning bajarilish holatini tinglashdi

'Senatorlar Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan vazifalarning bajarilish holatini tinglashdi'ning rasmi

Bugun o`tkazilayotgan Oliy Majlis Senatining o`n uchinchi yalpi majlisida O`zbekiston Tashqi ishlar vazirining 2020 yilda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo`yicha faoliyati to`g`risidagi axboroti eshitildi.

Ta`kidlanganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar bilan munosabatlarda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O`zbekistonning davlat manfaatlari va mamlakat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo`yicha muayyan faoliyat amalga oshirildi. Bunda xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo`yicha vazirlik, idora va muassasalar faoliyatini tartibga solishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Hisobot davrida Turkiya va Rossiya Federasiyasiga oliy darajadagi rasmiy tashriflar, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan xorijiy mehmonlar qabullari, oliy darajadagi 80 dan ziyod onlayn muloqotlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlarini, oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo`yicha qabul qilingan “yo`l xaritalari”ni, Tashqi ishlar vazirligining diplomatik yo`nalishlar orqali turli xalqaro tadbirlar doirasida ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish rejalarini ijro etish maqsadida 32 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ta`minlandi.

BMT, EXHT, ShHT, MDH, EOII kabi etakchi xalqaro tashkilotlar va integrasion birlashmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish jarayonida vazirlik qo`shgan hissasi salmoqli bo`ldi. Jumladan, O`zbekiston raisligida MDH bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida 60 dan ortiq tadbir o`tkazildi.

Tashqi ishlar vazirligi ko`magida global koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida qariyb 350 mln. AQSh dollari miqdorida grant mablag`lari va moddiy-texnik yordam mablag`larini jalb qilishga erishildi.

Shu bilan birga, Senat tomonidan o`tkazilgan o`rganish jarayonida, shuningdek, uning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi muhokamasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar mavjudligi ta`kidlandi.

Xususan, O`zbekistonda diplomatik xizmatning faoliyat yuritishi va yanada rivojlanishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish zarurligi alohida ta`kidlandi.

Diplomatik vakolatxonalar tashabbusi bilan investisiya loyihalari sifatli va keyinchalik o`z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish bo`yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan tizimli ishlar olib borilmaydi.

Strategik nuqtai nazar mavjud emas, respublikaning chegara hududlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning muhim elementi bo`lgan chegaraviy hamkorlik rivojlantirilmagan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasining xalqaro bitimlarini hisobga olish va bajarishning yagona elektron tizimi (ma`lumotlar bazasi) hali ham ishlamayotgani qayd etildi.

Senat yalpi majlisida har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo`yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, Tashqi ishlar vazirligi, Investisiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli idoralarga aniq ko`rsatma hamda tavsiyalar berildi.

Ko`rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar