Samarqand viloyatida 2020 yil davomida jinoyat sodir etishi va uning qurboni bo`lishi ehtimoli yuqori bo`lgan 70 ming 151 nafar shaxs maxsus ro`yxatga olingan. Bu haqda kecha, 11 mart kuni viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning ahvoli hamda ularning oldini olish profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag`ishlangan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Samarqand viloyat IIB boshlig`i o`rinbosari Akrom Halimovning ma`lum qilishicha, 2020 yil davomida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida bir qator profilaktik tadbirlar o`tkazilgan.
Jumladan, sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqqan holda hamkor tashkilotlar tomonidan «Xavfsiz mahalla» konsepsiyasi tizimi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish profilaktikasi bo`yicha Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda «Jinoyat sodir etishi ehtimoli mavjud hamda jinoyat qurboni bo`lishi ehtimoli yuqori bo`lgan shaxslar bilan hamkorlikda olib borilishi lozim bo`lgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish» haqidagi qo`shma qaror ishlab chiqilgan.
Qayd etilishicha, mazkur qo`shma qarorga asosan hududiy ichki ishlar hamda mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari hamkorlikda Samarqand viloyatidagi 1 100 ta mahallada yashovchi 3 mln 928 ming nafar shaxs orasidan jinoyat sodir etishi va jinoyat qurboni bo`lishi ehtimoli yuqori bo`lgan 70 ming 151 nafar shaxsning maxsus ro`yxati shakllantirilgan. Mazkur shaxslar 44 ta toifaga ajratilib, ular bilan profilaktik tadbirlar o`tkazilgan.
Shuningdek, viloyat hududida yashovchi jinoyat sodir etishi ehtimoli yuqori bo`lgan shaxslar bilan tezkor-profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida:
- «Taftish» tadbiri (10.08.2020 kundagi 47-sonli farmoyish asosida);
- 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar «Tazyiq va zo`ravonlikka qarshi kurashish oyligi» maxsus profilaktik tadbiri (19.09.2020 yil №4/3QF-sonli qo`shma farmoyish asosida);
- 20 avgust kunidan 20 sentyabr kuniga qadar «Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi» maxsus profilaktik tadbirlari (19.08.2020 yildagi 41-sonli farmoyish asosida) o`tkazilgan.
Bundan tashqari, «Turmush» va «Tozalash-Antiterror», «Nazorat«, «Tig`» va «Davomat» tadbirlari o`tkazilgan. Ta`kidlanishicha, mazkur yo`nalishlardagi olib borilgan profilaktik tadbirlar 2021 yilda ham davom ettirilmoqda.






