AsosiyJamiyat

Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlari bekor qilindi

'Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlari bekor qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini bekor qilish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi. 

Ma`lumki, yaqinda amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan yangiliklarga muvofiq, Senatga mahalliy Kengashlarning Konstitusiya va qonunlariga, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlarini bekor qilish vakolati berildi.

O`z o`rnida Biznes ombudsman, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati hamda G`uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahar Kengashlarining ayrim qarorlarini bekor qilish bo`yicha murojaatlar kelib tushdi.

Senatning mas`ul qo`mitalari tomonidan mazkur murojaatlar atroflicha o`rganib chiqildi. O`rganish natijalari yuqorida ko`rsatilgan mahalliy Kengashlarning qarorlari haqiqatdan ham qonun talablariga zid ekanligini ko`rsatgan.

Xususan, Qarshi shahar, “Qarluqbog`ot” mahallasida yashovchchi fuqaro G.Xaydarova 2011 yilda uy-joyni xususiylashtirgan. Bu to`g`risida shahar hokimining qarori qabul qilingan. Biroq oradan 6 yil o`tib, 2017 yilda xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashi shahar hokimining ushbu qarorini bekor qilgan. Vaholanki, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari xususiylashtirish natijalarini qayta ko`rib chiqish hamda bekor qilish vakolatiga ega emas.

Mazkur holat atroflicha o`rganib chiqilganda xususiy mulkka doir barcha normalar va belgilangan tartib-taomillarga amal qilinmaganligi ma`lum bo`ldi. Oqibatda fuqaro yillar davomida sarson bo`lgan.

Xalq deputatlari G`uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari Kengashlarining fermer xo`jaligi bilan tuzilgan er ijarasi shartnomasini  bekor qilishga oid qarorlarida ham shu holat kuzatilgan. Mahalliy Kengashlarning fermer xo`jaliklari va tuman hokimligi o`rtasidagi shartnomaviy huquqiy munosabatlarga aralashish vakolati mavjud emas.

Bandixon tumanidagi “Bektepa” kichik sanoat zonasi hududida yo`l qurilishi masalasini ham qayd etish joiz. Tadbirkor tenderda g`olib bo`lgan, biroq u bilan shartnoma tuzilmasdan ob`ekt umuman boshqa tashkilotga berib yuborilgan. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi esa o`z qarori bilan go`yoki hokimlikning ushbu xatti-harakatini qonunlashtirib bergan. Tabiiyki, bu tadbirkorning noroziligiga sabab bo`lmoqda.

Muhokamaga qo`yilgan mazkur mahalliy Kengashlarning qarorlari asosan 2020 yil va unga qadar qabul qilingan hujjatlardir.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar