Oltiariq tumanida yashovchi fuqaroning tuman Xalq qabulxonasi binosi oldida qo`l tomirlarini "lezviya" bilan kesmoqchi bo`lganiga nima sabab bo`lgani ma`lum qilindi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi bayonot berdi.
Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro Ma`murjon Berdalievning tuman Xalq qabulxonasi binosi oldida tashqari ko`chada o`z qo`l tomirlariga jarohat etkazishga uringani, bunday hatti-harakatga uzumchilik uchun ajratilgan er maydoni to`g`risidagi qarorning bekor qilingani sabab bo`lgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilar ma`lum qilinadi:
Avvalo, fuqaro Ma`murjon Berdaliev haqiqatdan ham 11 mart kuni Oltiariqdagi tuman Xalq qabulxonasi binosi oldida o`z qo`l tomirlariga jarohat etkazishga uringani, biroq tuman IIB xodimlarining tezkor harakatlari sabab M.Berdalievning harakatlari oxiriga etmay, tibbiyot birlashmasiga olib borilib unga birinchi yordam ko`rsatilgani, bugungi kunda uning sog`lig`i va holati yaxshi ekani ma`lum qilinadi.
Viloyat hokimligi, viloyat Xalq qabulxonasi, xalq deputatlari viloyat kengashi, viloyat prokuraturasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan o`rganish olib borish uchun ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh, fuqaroga uzumchilik uchun er maydoni ajratilishi, bu bo`yicha tuman hokimi qarorini bekor qilinishi bilan bog`liq holatlarni, fuqaro Ma`murjon Berdalievni bunday hatti-harakat qilishga majburlagan sabablarni joyida o`rganib chiqadi. O`rganish natijalari yuzasidan tez kunda qo`shimcha ma`lumot e`lon qilinadi.






