AsosiyJamiyat

Tezkor xabar! O`zbekistonga kirib kelishda koronavirusga ekspress test olish bekor qilindi

'Tezkor xabar! O`zbekistonga kirib kelishda koronavirusga ekspress test olish bekor qilindi'ning rasmi

Joriy yilning 13 mart sanasida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig`ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, xorijiy va qo`shni mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyatning biroz bo`lsada barqarorlashganligini inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilarga engilliklar yaratish hamda turizm salohiyatidan kengroq foydalanish bo`yicha bir qator masalalar muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan O`zbekiston Respublikasiga havo, temir yo`l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan o`z hisobidan aeroport, temir yo`l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi 2021 yilning 15 martidan boshlab bekor qilinadi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Endilikda, yangi tartib bo`yicha:  

- havo va temir yo`l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O`zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tishdan oldin so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR  orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatkichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;

- avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so`nggi  

72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatkichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo`lmagan hollarda chegara o`tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo`lishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan  

2021 yilning 25 martidan boshlab xorijiy mamlakatlardan O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilardan faqat sifat ko`rsatkichi talab darajasida bo`lgan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari ma`lumotnomalari bilan havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tkaziladi yoxud avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o`tkazmasdan kiritiladi.

Shu bilan birga mutasaddi tashkilotlarga chet elda sifatli hamda ishonchli koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlarini o`tkazuvchi laboratoriyalar – ya`ni O`zbekiston Respublikasida tan olinadigan laboratoriyalar ro`yxatini (har bir mamlakat kesimida kamida 10 tadan) shakllantirish va e`lon qilish bo`yicha topshiriq berildi.

Mas`ul vazirlik va idoralarga O`zbekiston Respublikasi hududida koronavirus bilan bog`liq mamlakatga kirish bo`yicha cheklovlar bekor qilingani, yangi avia va temir yo`l qatnovlari tashkil etilayotgani to`g`risida o`z rasmiy veb-sahifalarida hamda O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy hamkorlar, investorlar va turoperatorlarga ma`lum qilish bo`yicha topshiriq berildi.

 

    Boshqa yangiliklar