Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro davlat universiteti o`qituvchisini 8 mart bayramiga talabalar tomonidan berilgan 200 ming so`m pul va gul uchun "juda arzon sovg`a" deb po`pisa qilgani haqida video va xabarlar paydo bo`ldi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi shu kunning o`zida bu masalaga e`tibor qaratdi.
Ma`lum bo`lishicha, o`rganishlardan so`ng, mazkur o`qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq bekor qilindi.
"Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi rahbariyati tizimda korrupsiyaning har qanday ko`rinishi hamda manfaatlar to`qnashuviga nisbatan murosasiz munosabatda bo`ladi va shu kunlarda oliy ta`lim tizimida korrupsiyaga qarshi "komplaens nazorat" tizimi joriy etilayotganini ma`lum qiladi.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan ijtimoiy tarmoqlar vakillari va talabalarimizga minnatdorchilik bildiramiz va bu holat barcha oliy ta`lim muassasalarida muhokama qilinishini ma`lum qilamiz", - deyilgan vazirlik xabaridan.
Mazkur tezkor jazo chorasi haqida troll.uz telegram kanali blogeri "Qani endi katta-katta o`g`rilar, gaz, chiroq, monopoliya masalalari ko`tarilganda shunday tez chora ko`rilsa. O`qituvchiga kelganda bir kunga bormay hal bo`ladi-ya. Qoyil", - deb yozib qoldirdi.






