AsosiyJamiyat

«Navbahor» muxlisi «So`g`diyona» bilan o`yindan so`ng avtohalokatga uchradi

'«Navbahor» muxlisi «So`g`diyona» bilan o`yindan so`ng avtohalokatga uchradi'ning rasmi

«Navbahor» futbol klubi muxlisi Azizbek Xolmatov Namangan «Markaziy» o`yingohida bo`lib o`tgan Jizzaxning «So`g`diyona» jamoasi bilan uchrashuvdan so`ng uyga qaytishda avtohalokatga uchrab, hayotdan ko`z yumdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliev xabar bermoqda.

Hodisa 2021 yil 9 mart kuni Norin tumanida sodir bo`lgan. Bu haqda hodisaning bevosita ishtirokchisi bo`lgan Azizbekning qarindoshi Alisher Boymatov shunday hikoya qiladi:

— Bu uchrashuvga uch kishi bo`lib borib, ikki kishi bo`lib qaytdik. Men, Azizbek va Shuhrat degan do`stimiz. «Navbahor»ning Namangandagi o`yinlarini qoldirmasdik, Toshkent, Andijon va Farg`onaga ham birga borardik. O`sha kuni o`yin tugaganidan so`ng qornimiz och qolgani uchun Norinkapadagi choyxonaga to`xtab, shashlik buyurtma qildik. Bittadan eb, hali ikkinchisini olishga ulgurmay, Azizbekning telefoni jiringlab qoldi. U tashqariga chiqib ketdi, birozdan so`ng nimaningdir qattiq ovozi eshitildi. Kimdir «avariya bo`ldi» deb qoldi. Shoshilib tashqariga chiqdik. Azizbekni qidirdik, telefoniga qo`ng`iroq qildik, javob bermaydi. Mashina kimni urib ketganini bilmaymiz. Bir payt yo`l chetida turgan krossovkaga ko`zim tushib qoldi. Stadionga borganimizda Azizbekka krossovkam siqayotganidan shikoyat qilganimda shu oyoq kiyimini ko`rsatib, qulayligini maqtagan edi... Kasalxonaga etib borganimizda uning joni uzilgan ekan, — deydi Alisher Boymatov.

Norin tuman IIB mutasaddilariga ko`ra, 9 mart kuni kechki payt Cho`ja—Haqqulobod yo`lining to`rtinchi kilometrida Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi Azizbek Xolmatovni urib yuborgan. U bosh miya shikastlanishi, chap oyoq sinishi va boshqa tan jarohatlari bilan tuman markaziy shifoxonasiga etkazilgan, biroq saqlab qolishning imkoni bo`lmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Azizbek Xolmatov 38 yoshda bo`lib, Norin tumanidagi «Sho`rariq» mahallasida tug`ilib o`sgan, oilada yolg`iz o`g`il edi. Undan uch nafar qiz farzand qoldi.

Alisher Boymatovning aytishicha, Azizbekni tanigan-bilgan muxlislar «Navbahor»ning kecha Toshkentda «Lokomotiv» ustidan qozongan g`alabasini uning xotirasiga bag`ishlamoqda. Shuningdek, Namangan klubining 19 mart kuni «Nasaf» bilan bo`lib o`tadigan o`yini oldidan bir daqiqa sukut e`lon qilinishini mutasaddilardan so`rab qolishadi.

    Boshqa yangiliklar