AsosiyJamiyat

Yurtimizda haftaning ikkinchi yarmidan Erondan iliq havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda

'Yurtimizda haftaning ikkinchi yarmidan Erondan iliq havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda'ning rasmi

Bugun, 15 mart kuni O`zbekiston hududi antisiklon ta`siri ostida bo`ladi. Kun davomida havo 3-8° iliqqacha isiydi, bu mart oyining o`rtasi uchun me`yoriy qiymatlardan ancha sovuqdir. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

16 va 17 martda antisiklon periferiyasi O`zbekiston hududidan sekin ortga chekinadi, kechalari biroz sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa asta-sekin isiydi va chorshanba kuniga kunduz kungi harorat 9-14° iliqqacha ko`tariladi.

Hududlarning ko`p qismida ushbu kunlarda yog`ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlarida salqin va nam havo massalari kirib kelishi hisobiga ba`zi joylarda yomg`ir yog`ishi mumkin.

Haftaning ikkinchi yarmi boshidan Eron hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati ayniqsa kunduz kunlari keskin ko`tariladi. Ish haftasining oxiriga kelib, harorat kunduz kunlari 20-25° iliq, janubda 27° iliqqacha bo`lgan qiymatlarga etadi va me`yordan 6-8° ga ko`p bo`ladi.

Boshqa yangiliklar