O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov tashkiliy qo`mita va ishchi guruhlari, Uyushma boshqaruvi, uning huzuridagi kengashlar a`zolari, tajribali ustoz va faol hamda internet jurnalistlari, shuningdek, jurnalist kadrlar etishtiruvchi oliy ta`lim muassasalarining sohaga aloqador etakchi xodim hamda tadqiqotchilarining taklif va tavsiyalari asosida “Oltin qalam” tanlovi nizomiga tegishli o`zgartirishlar kiritildi.
Unga ko`ra, tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarni baholashda endilikda, tanlov hay`ati xulosasidan tashqari, Uyushmaning Journalist.uz veb-saytida ochilgan “Oltin qalam – 2021” bo`limiga joylashtiriladigan materiallarga mamlakatimizda ro`yxatdan o`tgan barcha ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari hamda soha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy o`quv yurtlari jamoalari tomonidan besh balli tizim bo`yicha (ixtiyoriylik asosida) beriladigan baholarga ham tayaniladi. Boshqacha aytganda, ularning bahosi tanlov hay`ati tomonidan inobatga olinadi va shu asosda eng yuqori ball olgan g`olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Journalist.uz veb-sayti orqali materiallarni baholash quyidagicha amalga oshiriladi:
Ma`lumki, siz uyushma veb-sayti, telegramm kanali, “Facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga “Oltin qalam – 2021” tanloviga rukni ostida joylashtirib boriladigan materiallarni batafsil o`qib chiqish, eshitish va tomosha qilish chorasini ko`rishingiz bilan avtomatik ravishda uyushmaning Journalist.uz saytiga kiriladi. Saytga joylashtirilgan material bilan tanishib bo`lishingiz bilan “Baholang” so`ziga ko`zingiz tushadi. Ushbu so`z ostida doira shakli ichiga yozilgan 1, 2, 3, 4, 5 raqamlari paydo bo`ladi. Jamoadoshlaringiz bilan kelishgan holda istagan, masalan, 3, 4 yoki 5 raqami ustiga tugmani bosasiz. Keyin “OAV nomi va parolini kiriting!” degan yozuv chiqadi. Bu erga siz o`zingiz faoliyat olib borayotgan OAV nomini (Bu jarayonda O`ZMTRK, O`zEOAVMA tarkibidagi va boshqa davlat va nodavlat (har bir, misol uchun, “Madaniyat va ma`rifat” telekanali) tele va radio kanallar, axborot xizmatlari, O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunakasiyalar universiteti (har bir fakulteti alohida) hamda soha uchun mutaxassislar tayyorlovchi yurtimizdagi mahalliy va xorijiy oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari o`z jamoasi nomidan materiallarni baholash huquqiga ega bo`ladi) hamda ixtiyoriylik asosida OAV jamoasi va mas`ullari bilan maslahatlashib tanlangan to`rtta raqamdan iborat parolni kiritasiz. So`ng “Yuborish” degan yozuv paydo bo`ladi. Uni bosasiz. Keyin esa “Fikringiz uchun rahmat!” yozuvi chiqadi. Mazkur matn siz baholash jarayonini amalga oshirganingizni anglatadi. Ammo uning qabul qilinishi ta`minlanishi uchun ushbu tartibga qatiy amal qilish talab etiladi.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, OAVning parollari uyushma mas`ul xodimi Zafar Nazarov (Ish telefoni (71) 244-62-93, qo`l telefoni va telegramm raqami (90) 045-54-88) tomonidan ro`yxatga olinadi. Misol uchun, Journalist.uz ga joylashtirilgan ilk materiallardan birini baholagan “Ishonch” gazetasining paroli “7777”. “Ishonch” jamoasi baholagan har bir materialga shu parol kiritilishi shart bo`ladi. Ushbu parolning bitta raqami o`zgarsa ham baho qabul qilinmaydi.
Eslatib o`tamiz, “Oltin qalam –2021” tanloviga ijodiy ishlarni qabul qilish bo`yicha ishtirokchilarga imkoniyat yaratish maqsadida uyushmada haftaning shanba kunlari ham ertalab soat 09:00 dan kechki 18:00 gacha navbatchilik, materiallarni qabul qilish yo`lga qo`yilgan. Bog`lanish uchun telefon (71) 244-37-87.
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi barcha OAV rahbariyat va ijodiy xodimlarini “Oltin qalam – 2021” tanloviga taqdim etilgan materiallarni baholash jarayonida faol ishtirok etishga chaqiradi. Unutmang, sizning fikringiz hakamlar hay`ati a`zolari adolatli qaror chiqarishi, tanlovning shaffof o`tishi ta`minlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.