O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirining tegishli buyrug`i bilan Energetika vazirligi mutasaddiligidagi oliy o`quv yurtlari talabalari uchun “Energetika vaziri stipendiyasi” ta`sis etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur buyruqqa asosan, Energetika vaziri stipendiyasi 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti va “MEI” Milliy tadqiqot universitetlarining Toshkent shahridagi filiallarida tahsil olayotgan 3 nafargacha bo`lgan eng iqtidorli talabalariga O`zbekiston Respublikasida o`rnatilgan mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 1,5 baravarida har oyda to`lab boriladi.
Stipendiatlarga Energetika vazirligi tomonidan “Energetika vaziri stipendiyasi sohibi” ko`krak nishoni hamda qimmatbaho sovhalar beriladi.
Shu bilan birga, stipendiatlarni o`qishni tamomlaganlaridan so`ng vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ish bilan ta`minlanishi kafolatlanadi.