Mirzo Ulug`bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi maktablarda o`qish onlayn tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo`yicha Toshkent shahar shtabining qaroriga ko`ra, Toshkent shahridagi umumta`lim maktablarida o`quvchilar va o`qituvchilar orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati ortib borayotganligini inobatga olib, joriy yilning 16 mart kunidan boshlab, Mirzo Ulug`bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi barcha umumta`lim maktablarini bir martalik karantin muddatiga (14 kun) onlayn o`qitishga o`tkaziladi.
Ushbu tumanlar hududida faoliyat olib borayotgan nodavlat va xususiy ta`lim tashkilotlariga 16 martdan boshlab bir martalik karantin muddatiga (14 kun) o`quvchilarni masofaviy shaklda o`qitishga o`tkazish tavsiya etiladi.
Poytaxtimizdagi boshqa tumanlarda o`qish bahorgi ta`tilga qadar karantin talablariga to`liq rioya etilgan holda an`anaviy davom ettiriladi.