Qo`qon davlat pedagogika institutida ijarada turuvchi talabalarni tizimli nazorat qiluvchi mobil smartfon va planshetlar uchun “QDPI IJARA” deb nomlangan maxsus ilova yaratildi. Bu haqda O`z A xabar berdi.
Mazkur oliy ta`lim muassasasida bugungi kunda 8 mingdan ortiq yigit-qiz tahsil olayotgan bo`lib, ularning 608 nafari talabalar yotoqxonasida turadi. 1 ming 520 nafari esa ijarada yashaydi. Boshqa joylarda bo`lgani kabi bu erda ham talabalarni turarjoy bilan ta`minlash, ijarada yashovchi talabalar bilan individual ishlashda o`z echimini kutayotgan muammolar bor.
Mazkur ishlar doirasida yangilikka qo`l urilib, elektron ilova yaratildi. Ilova ijarada yashaydigan talabalar haqida to`liq ma`lumot olish, ularning manzillarini xaritada ko`rsatib berish, ijara manziliga qadar boshlab borishi bilan talabalarning ustoz-murabbiylari, ota-onalari, institut rahbariyati uchun beminnat yordamchi bo`ldi.
Ilova hozircha Android tizimida ishlovchi qurilmalar uchun mo`ljallangan bo`lib, tez kunlarda uning IOS operasion tizimlari uchun versiyasi ham foydalanishga taqdim etilishi rejalashtirilgan. “QDPI IJARA” ilovasini Qo`qon davlat pedagogika instituti rasmiy saytidan yuklab olish mumkin.






