Jizzaxda bo`lib o`tgan futbol bo`yicha O`zbekiston superligasining 2-turi doirasidagi «So`g`diyona» – «Turon» uchrashuvidan keyin sodir bo`lgan voqealar jamoatchilik tomonidan keng muhokamalarga sabab bo`ldi.
Mazkur holat Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O`zbekiston futbol assosiasiyasining ham e`tiboridan chetda qolmadi. Hakamlik qo`mitasi «So`g`diyona» – «Turon» uchrashuvini boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o`yin davomidagi hatti-harakatlarini atroflicha o`rganib chiqdi va yakuniy qarorini e`lon qildi. Unga ko`ra, «So`g`diyona» – «Turon» uchrashuvida bosh hakam qo`pol xatolarga yo`l qo`yganligi hamda ushbu xatolar o`yin natijasiga ta`sir o`tkazganligi sababli V.Serazitdinov hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.
Nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda millionlar o`yini bo`lmish futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hakamlarning saviyasini oshirish uchun ko`plab xalqaro seminarlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, futbol uchrashuvlarining adolatli va shaffof o`tishini ta`minlash maqsadida 2021 yildan boshlab FIFA bilan hamkorlikda O`zbekiston superligasida VAR (Video Assistent Referee) tizimidan foydalanish amaliyotga joriy etildi. Bu esa futbol o`yinlarida hakamlik saviyasi va sifatining ortishiga xizmat qiladi. Hozircha Superliga doirasidagi barcha o`yinlarda VAR tizimini amaliyotga joriy etishning imkoni yo`q. Biroq, O`zbekiston futbol assosiasiyasi bosqichma-bosqich Superliga va mamlakat kubogi uchrashuvlari, qolaversa Pro-liga doirasidagi o`yinlarga VAR tizimini maksimal darajada ko`proq joriy etish choralarini ko`rmoqda. Bundan ko`zlangan maqsad, uchrashuvlarda adolatni ta`minlash va hakamlikda inson omilining minimumga keltirish.
Ravshan Ermatov (Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari) :
"O`zim ham futbol o`ynaganman, hakamlik qilganman. «So`g`diyona» – «Turon» uchrashuvidan keyin «Turon» klubi bosh murabbiyi Islom Ismoilovning ehtirosga berilib bildirgan fikrlarini yaxshi tushunib turibman. Futbol – bu jamoaviy o`yin, unda bir maqsad yo`lida butun jamoa harakat qiladi, futbolchilardan tortib shifokoru massajchi, klubning texnik xodimigacha.
Albatta, hakamning bilib yoki bilmasdan yo`l qo`ygan xatosi tufayli butun jamoaning mehnati yo`qqa chiqarilishini keskin qoralayman. O`zbekiston futbol assosiasiyasi hakamlar masalasiga har qachongidan jiddiy e`tibor qaratgan holda o`yinlardagi hakamlik sifatini oshirish hamda adolatli va shaffof o`tishini ta`minlash choralarini ko`rmoqda.
Kezi kelganda shuni ham ta`kidlashim kerak, futbol uchrashuvlaridagi har bir rasmiy shaxs hox u futbol maydonida, hox undan tashqarida bo`lsin, o`zini mas`uliyatni his qilgan holda hamda munosib tutib, etika qoidalariga rioya qilishi shart.
Maqsadimiz – o`zbek futbolining mavqeini ko`tarish, bolalar futbolini tizimli rivojlantirish va muxlislar orziqib kutayotgan jahon chempionatiga chiqish orzusini ruyobga chiqarish".






