AsosiyJamiyat

Har yilgidan kamida 10 foizga ko`p maydonga kartoshka ekilishi uchun urug`lik zaxirasi yaratiladi

'Har yilgidan kamida 10 foizga ko`p maydonga kartoshka ekilishi uchun urug`lik zaxirasi yaratiladi'ning rasmi

“Ichki iste`mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (135-son, 15.03.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.

 Qarorga ko`ra, 2021 yilda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ichki resurslar hisobidan ta`minlash darajasi oshiriladi.  

Qaror bilan hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.  

Shunga ko`ra, respublika bo`yicha jami 2 449 108 tonna kartoshka, 227 222 tonna guruch, 1 584 863 tonna go`sht, 8 124 595 ming dona tuxum ishlab chiqarish belgilangan.  

 Shuningdek, 78 000 tonna o`simlik yog`i, 64 000 tonna shakar, 300 000 tonna kartoshka, 40 000 tonna go`sht import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.  

 Qaror bilan oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni ichki bozorga tizimli etkazib berish hamda narxlarni doimiy monitoring qilish va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha Respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.

Respublika ishchi guruhi rahbari Bosh vazirning oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash masalalari bo`yicha maslahatchisi hisoblanadi.  

 Har yili ekib kelinayotgan kartoshka maydonlaridan kamida 10 foizga ko`p maydonga, jami 87 ming gektardan kam bo`lmagan maydonlarga kartoshka ekilishi uchun urug`lik zaxirasi yaratiladi.  

2021 yildan tuproq va iqlim sharoiti, suv ta`minoti yaxshi bo`lgan qulay hududlarda 1 gektargacha bo`lgan maydonlarda kartoshka etishtirish yo`lga qo`yiladi.  

Chetdan oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari keltirish maqsadlari uchun tijorat banklari xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga aylanma mablag`lar uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratadi.

    Boshqa yangiliklar