AsosiyJamiyat

O`zbekistonda «samosud» qilganlar uchun qonunchilikda qanday javobgarlik belgilangan?

'O`zbekistonda «samosud» qilganlar uchun qonunchilikda qanday javobgarlik belgilangan?'ning rasmi

Bu haqda AOKAda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva ishtirokida o`tkazilgan brifingdan ma`lumot berildi.

 «O`zicha sudlash (samosud), ya`ni qonun tili bilan aytganda «o`zboshimchalik» Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 200-moddasiga muvofiq, o`zboshimchalik, ya`ni o`zining haqiqiy yoki nazarda tutilgan huquqini fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda o`zboshimchalik bilan amalga oshirsa — fuqarolarga BHMning uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

 Shuningdek, Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko`ra, o`zboshimchalik, ya`ni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o`zboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko`p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo`lsa — BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab o`tilgan.

️Samosud qilish natijasida o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Ya`ni  Jinoyat kodeksining 103 moddasiga ko`ra, shaxsni qo`rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha`ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o`zini o`zi o`ldirish darajasiga yoki o`zini o`zi o`ldirishiga suiqasd qilish darajasiga etkazish, — 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

️Samosud oqibatida qasddan odam o`ldirish jinoyati sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining «l»-bandi, ya`ni bezorilik oqibatida qasddan odam o`ldirish, o`n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi belgilangan», dedi Sevara O`rinboeva.

    Boshqa yangiliklar