AQShning gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini nazorat qilish bo`yicha mutaxassislar guruhi kecha O`zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» muxbiri.
O`zbekiston elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, AQSh armiyasi harbiy muhandislar korpusi (United States Army Corps of Engineers, USACE) bilan erishilgan kelishuv doirasida gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini monitoring qilish bo`yicha ko`p yillik amaliy tajribaga ega bo`lgan amerikalik mutaxassislar 15-28 mart kunlari mamlakatimiz Suv xo`jaligi vazirligi, «O`zbekgidroenergo» AJ, «Davsuvxo`jaliknazorat» davlat inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari bilan birgalikda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan «Hisorak» va «To`palang» suv omborlarining holatini o`rganadi.
Mutaxassislar ushbu gidrotexnika inshootlarining bugungi holati va yaxlitligini o`rganadi, ularning faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavflarni tahlil qiladi. Ushbu jarayonda ob`ektlarning texnik hujjatlarini o`rganish bilan bir qatorda to`g`onlarni zamonaviy uskunalar bilan bevosita tekshirish ham rejalashtirilgan. Tadqiqot natijalari asosida ehtimoliy nosozliklar modellarini ishlab chiqish, ularning yuzaga kelishi mumkin oqibatlarini tahlil qilish, shuningdek, to`g`onlarning texnik monitoringini o`tkazish va xavfsizlik darajasini oshirish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Eslatib o`tamiz, 25-29 yanvar kunlari USACE mutaxassislari suv omborlari xavfsizligini ta`minlash uchun mas`ul bo`lgan o`zbekistonlik mutaxassislar uchun onlayn-treninglar o`tkazgan edi. Mashg`ulotlar davomida gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta`minlash, ularning texnik holatini monitoring qilish, faoliyat doirasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavflar ehtimolini tahlil qilish, oldindan ogohlantirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha yangi usullar haqida ma`lumotlar taqdim etildi.
O`tgan yil may oyida Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida sodir bo`lgan texnogen ofat profilaktika choralari va mutaxassislarning kasb mahoratini oshirish muhimligini namoyish etdi. O`zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigasiya sektorini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, 2021 yilda mamlakatimizda Yirik to`g`onlar bo`yicha xalqaro komissiya texnik reglamentlari va tavsiyalarini qo`llash va tasdiqlash, shuningdek, xorijiy davlatlarning suv omborlari xavfsizligi va ishonchli faoliyatini ta`minlash bo`yicha zamonaviy tadbirlarni joriy etish bo`yicha ilg`or tajribasini o`rganish bo`yicha takliflar tayyorlanadi.
USACE - AQShda 1775 yil tashkil etilgan ilk davlat xizmatlaridan biridir. Ayni paytda 30 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgan federal agentlik, asosan, rejalashtirish, loyihalash, suv omborlari qurish va toshqinlardan muhofaza qilish hamda tabiiy ekotizimlarning biologik xilma-xilligini tiklash bilan shug`ullanadi. Korpus Amerika Qo`shma Shtatlarida 3 mingdan ortiq gidrotexnik inshootni ekspluatasiya qilish va ularga texnik xizmat ko`rsatishni ta`minlaydi, 110 mamlakatda gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish, xavfsizlik bo`yicha tadqiqotlar o`tkazish va to`g`onlarning buzilishi oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi.






