AsosiyJamiyat

Poytaxtdagi 3 ta tumanda kasallikning keng tarqalishiga nima sabab bo`ldi? Sabablar ochiqlandi

'Poytaxtdagi 3 ta tumanda kasallikning keng tarqalishiga nima sabab bo`ldi? Sabablar ochiqlandi'ning rasmi

Bugun, 16 mart kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o`ttiz oltinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Onlayn tarzda o`tgan yig`ilishda 2021 yilda Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi yangi shtammlari keng tarqalishining oldini olish to`g`risidagi masala muhokama etildi.

Bu masalada Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig`i   Alimov Anvar Valievich hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig`i Malika Qudratxo`jaevalarning hisobotlari ko`rib chiqildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig`ining Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o`ttiz oltinchi sessiya ishtirokchilariga qilgan ma`ruzasidagi ma`lumotlarga ko`ra, uchta tumanda karantin qoidalariga mas`uliyatsizlik bilan yodoshish kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan, jumladan:

—  2021 yilning 10 mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan bolalar (yoki ta`lim) muassasasi tarbiyachisi R. M.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Epidemiologik surishtiruv natijasida tarbiyachi xonadonida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor bo`lishiga qaramasdan, ushbu tarbiyachi karantinga rioya etmasdan ish joyiga borib ishlagan va natijada  11 mart kuni  epidemiologik ko`rsatmaga asosan muassasaning tarbiyachi va tarbiyalanuvchilaridan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganida, 13 mart kuni 2 nafar tarbiyachida, shifokorda va  1 nafar tarbiyalanuvchida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Hozirda bu ish Toshkent shahar Prokuraturasining nazoratiga olingan;

—  2021 yilning 5 mart kuni Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan ta`lim muassasasi tarbiyachisi M. M.ning qaynotasi davolash muassasasiga koronavirus infeksiyasi tashhisi bilan etkazilgan va 7 mart kuni vafot etgan. 9 mart kuni  janoza paytida mazkur ta`lim muassasasining bir necha xodimlari ishtirok etgan va bu bilan muassasa tarbiyalanuvchilarining sog`lig`ini xavfga qo`ygan;

—  Olmazor tumanida joylashgan oliy ta`lim muassasasiga qarashli yotoqxonada ham 3 nafar talabada bir necha kundan buyon tana haroratining ko`tarilishi, tomoq og`rig`i va holsizlik belgilari bo`lganligi sababli, talabalardan 11 mart kuni koronavirus infeksiyasiga test tahlil surtma namunalari olingan. 2021 yil 13 mart kuni oliy ta`lim muassasasining tegishli fakultetida kasallik alomati mavjud bo`lmagan 4 nafar talabasida kasallik aniqlangan.

Shularni inobatga olgan holda mutassadi tashkilotlar rahbarlariga  qator  ko`rsatmalar berilib, Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo`yicha Toshkent shahar shtabining qarori qabul qilindi.  

Unga ko`ra:

— koronavirus infeksiyasi aniqlangan oilalarda karantin talablariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko`riladi;

— aholi orasida COVID-19 keng tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan ommaviy-madaniy tadbirlar o`tkazilishida karantin talablariga qat`iy rioya etilishi nazoratga olinadi;

— sport musobaqalarini tomoshabinlarsiz o`tkazilishi choralari ko`riladi;

— epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirda joriy yilning 1 aprelidan boshlab ommaviy tadbirlarni vaqtincha to`xtatib turish yuzasidan Respublika Maxsus komissiyasiga tegishli taklif kiritiladi.

    Boshqa yangiliklar