“Tartibga solish ta`sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, tartibga solish ta`sirini baholash (TSTB)dan o`tkazish tizimi takomillashtiriladi. Bunda:
➖normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o`tkazishda kelib tushgan taklif va fikr-mulohazalar umumlashtirilib, TSTB bo`yicha hisobotga kiritiladi hamda majburiy tartibda normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga taqdim etiladi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e`lon qilinadi;
➖jamoatchilik muhokamasidan o`tmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qabul qiluvchi organlar tomonidan majburiy tartibda ishlab chiquvchilarga qaytariladi.
2022 yil 1 yanvardan tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek, atrof-muhitga ta`sir ko`rsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy TSTBdan o`tkaziladi.
Qaror bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta`sirini baholashdan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Shunga ko`ra, davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi (huquqiy monitoring) normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan o`tkazish bilan birga amalga oshiriladi va uning natijalari TSTBdan o`tkazishda inobatga olinadi.
Fuqaro va yuridik shaxslar tomonidan o`tkazilgan tartibga solish ta`sirini muqobil baholash natijalari bo`yicha tayyorlangan xulosalar tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko`rib chiqiladi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning TSTB sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.






