O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasining koronavirus pandemiyasini inobatga olgan holda mamlakatimizda Navro`z umumxalq bayrami tadbirlarini tashkillashtirish masalalariga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda so`nggi kunlarda aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari biroz ortganligi ta`kidlab o`tildi. Shu bois mutassaddi vazirlik va idoralarga:
- bayram tadbirlarini ob-havo sharoitini inobatga olgan holda ochiq joylarda, ya`ni bog`lar, xiyobonlar va o`yingohlarda o`tkazish;
- bayram tadbirlarida aholini ko`p to`plamaslik va tashrif buyuruvchilar niqobda bo`lishlari hamda ijtimoiy masofani saqlashlari ustidan nazoratni o`rnatish;
- aholi gavjumligining oldini olish maqsadida tadbirlarni kichik hajmda mahallalarda tashkil etish choralarni ko`rish kabi ko`rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, bayram tadbirlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlik choralari ko`rish maqsadida huquq tartibot organlariga tegishli topshiriqlar berildi.
Joylarda o`tadigan bayram tadbirlarini yuqori badiiy saviyada o`tkazish, buning uchun estrada xonandalari va teatr aktyorlarini jalb etish kabi vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan aholi o`rtasida koronavirus bilan kasallanish holatlarini barvaqt aniqlash bo`yicha PZR laboratoriyalarning to`liq quvvatlarda faoliyatini tashkil etish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini ixtiyoriy emlash tadbirlarini tashkil etish borasida tegishli topshiriqlar berildi.
Ayrim xorijiy va qo`shni mamlakatlarda bugungi kunda kuzatilib turgan koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq keskin epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatimizda shu kabi holatlarning qaytarilmasligi uchun keng targ`ibot ishlarini olib borish tavsiya etildi.






