Joriy yilning 15 mart kuni O`zbekiston Respublikasi IIV O`z xavfsizlik boshqarmasining Toshkent viloyati bo`yicha bo`limiga Toshkent viloyati IIBB YHXB YPX guruh komandiri D.Ibodullaev bildirgi bilan murojaat qilgan.
O`z murojaatida u 15 mart kuni, YPX inspektori, safdor A.Ruzmetov, haydovchi B.Sh boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli transport vositasini tekshirish uchun to`xtatganligini, haydovchi spirtli ichimlikdan mast holda ekanligi aniqlanganligini va unga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydoniga qo`yilganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchi B.Sh. uning yoniga kelib, sodir etgan qoidabuzarligini engilroq qoidabuzarlik turiga almashtirib, avtomobilini jarima maydonchasidan chiqarib berishini, buning evaziga 5.000.000 (besh million) so`m miqdoridagi pulni pora sifatida taklif qilayotganligini, ushbu fuqaroga pora berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramay, unga to`xtovsiz pora taklif qilayotganligini bildirib, haydovchiga nisbatan tegishli tartibda chora ko`rishni so`ragan.
YPX xodimining bildirgisi asosida, IIV O`XB Toshkent viloyati bo`yicha bo`limi va Chirchiq shahar prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazilib, jarima maydonining qorovulxonasida gumon qilingan shaxs YPX xodimiga 5.000.000 (besh million) so`m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro B.Sh.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






