Shu kunlarda internet nashrlarida Toshkent viloyati O`rtachirchiq tumanida sodir bo`lgan voqea bo`yicha “14 yoshli qizaloqning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda” sarlavhasi ostida e`lon qilingan xabar ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama qilinayotgani haqida ma`lum qilgan edik.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati rahbari mazkur jinoyat ishi yuzasidan prokuratura organlari va viloyat IIBB nazoratida tergov harakatlari olib borilayotganligini ma`lum qildi.
Hozircha ochiqlanishi mumkin bo`lgan holatlarga ko`ra, 2020 yil 16 sentyabr kuni O`rta Chirchiq tumanda yashovchi fuqaro B.A. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida 2006 yilda tug`ilgan qizi D.O. 2020 yil 11 sentyabrdan buyon uydan noma`lum tomonga chiqib ketib bedarak yo`qolganligini ma`lum qilib, topilishida ko`mak so`raydi. O`rta Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida voyaga etmagan D.O. 2020 yil 26 sentyabr kuni Nurafshon shahrida ekanligi aniqlanadi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, uyiga qaytariladi.
Holat yuzasidan voyaga etmagan qiz bilan o`tkazilgan suhbat va uning ko`rsatmasida, haqiqatdan ham 2020 yil 11 sentyabr kuni o`ziga oldindan tanish bo`lgan fuqaro A.X. bilan birgalikda chiqib ketganini ma`lum qilgan.
Shuningdek, gumon qilinuvchi 1991 yilda tug`ilgan A.X.o`z ko`rsatmasida, voyaga etmagan qiz unga o`zini 2000 yilda tug`ilganligini aytib tanishtirganini va ijarada yashash uchun uy topib berishini so`raganini, shu sababli unga Nurafshon shahridagi ko`p qavatli uylardan birini ijaraga olishga yordamlashganini, lekin ijara uyda voyaga etmagan qizning bir o`zi yashaganligini ma`lum qilgan.
Surushtiruv davomida, voyaga etmagan D.O. uyidan chiqib ketgan vaqtda otasi B.A. turmush o`rtog`i D.A. bilan (2017 yildan 2020 yil 16 sentyabrgacha) Rossiya Federasiyasida bo`lganliklari aniqlangan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, voyaga etmagan D.O.ga nisbatan tayinlangan sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizasi xulosasi olinmaganligi sababli 2020 yil 30 oktyabrda jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv harakatlari O`zbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan harakatdan to`xtatilgan.
" – Hozirda mazkur jinoyat ishi qayta tiklangan va tergov jarayonida barcha mavhum holatlar ochiqlanmoqda. Ishini har tomonlama to`la va xolisona olib borilishini ta`minlash, ayblanuvchi, fuqaroviy da`vogar va jabrlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo`lganlar hamda holatga guvoh bo`lgan shaxslarni tergovga jalb qilish zarurati yuzasidan qo`shimcha surushtiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan Qonun ustuvorligi to`liq ta`minlanadi.
Shu o`rinda maqola muallifi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jurnalist va blogerlardan, bu kabi tergov jarayonlari olib borilayotgan holatlarda vaziyatga bir tomonlama yondashmasliklarini, voqea yuzasidan ikkichi tomon izohlarini ham o`rganib chiqishlarini, qonun va qonun osti hujjatlariga amal qilishlarini so`raymiz", – Axborot xizmati rahbari.
Unda Toshkent viloyati, O`rta Chirchiq tumanida 2020 yilning sentyabr oyida 14 yoshli qizaloqni o`g`irlash, nomusiga tegish kabi mudhish jinoyat sodir etgan shaxs oradan olti oy o`tgan bo`lsa ham hamon jazoga tortilmaganligi bayon qilingan.
Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`ining ma`lum qilishicha, aniqlanishicha, holat yuzasidan O`rtachirchiq tumani prokurori tomonidan 2020 yil 30 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, jinoyat ishiga jalb qilingan gumondor shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun asoslar etarli emasligi, tayinlangan ekspertizalar xulosalari tayyor bo`lmaganligi sababli 2020 yil 30 oktyabr kuni jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv xarakatlari jinoyat-prosessual tartibida harakatdan vaqtincha to`xtatilgan.
" – Mazkur jinoyat ishi 2021 yil 13 fevral kuni qayta tiklanib, tergov har tomonlama to`la va xolisona olib borilishini ta`minlash, ayblanuvchi, fuqaroviy da`vogar va jabrlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo`lgan shaxslarni aniqlash uchun holatga guvoh bo`lgan shaxslarni tergovga jalb qilish zarurligi sababli jinoyat ishi tergov organiga o`tkazilgan.
Hozirda O`rtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda", - deyiladi Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i bayonotida.
Eslatib o`tamiz, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan tergov ishi har tomonlama to`la va xolisona olib borilishi hamda yakunlari bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi nazoratga olingani haqida xabar berilgan edi.






