AsosiySport

Xanchjou-2022, Parij-2024: O`zbekistonlik eshkak eshuvchi yoshlar eng zamonaviy qayiqlarda tayyorlanishadi

'Xanchjou-2022, Parij-2024: O`zbekistonlik eshkak eshuvchi yoshlar eng zamonaviy qayiqlarda tayyorlanishadi'ning rasmi

MOQ Olimpiya sport turlari bo`yicha federasiya va assosiasiyalarning Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlari va Parij-2024 Olimpiya o`yinlariga tuzgan rejalari bilan tanishishda davom etadi. Onlayn bo`lib o`tgan tadbirda O`zbekiston ROWING&CANOE federasiyasining rejalari muhokama qilindi.

Undada MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Suv sporti turlari bo`yicha Respublika Oliy sport mahorat maktabi direktori vazifasini bajaruvchi Nuriddin Mahmudov, O`zbekiston ROWING&CANOE federasiyasi bosh kotibi Vyacheslav Didrix, terma jamoa murabbiylari va MOQ xodimlari qatnashishgan.

Taqdimotda har bir yo`nalish murabbiylari o`z dasturlari bo`yicha rejalar bilan tanishtirib o`tishdi. Shubhasiz, suhbat davomida Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlikka ham alohida to`xtalib o`tilgan.

“Akademik, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha ma`lum yutuqlarga erishmoqdamizku, slalom uchun eʼtiborimizni kamaytirib qo`ydik. Toshkent shahri va viloyatida ushbu yo`nalish bilan shug`ullanish uchun qulay joylar bor. Mashg`ulotlarda o`zingiz uchun kerakli joy bo`yicha taklif bildiring. Biz yig`in tashkil qilishda yordam beramiz. Ertaga xalqimiz bizdan katta g`alabalar kutmoqda. So`nggi kunlarda yurtimizda epidemiologik vaziyat keskinlashayotganidan xabaringiz bor. Shu bois bazada temir intizom va barcha epidemiologik qoidalarga rioya qiling”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha murabbiy Aleksandr Ponamaryov asosiy terma jamoamiz Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik uchun eng zamonaviy qayiqlar bilan ta`minlangani uchun hukumatimizga sportchilar nomidan minnatdorchilik bildirdi. O`z navbatida, Xanchjou va Parij musobaqalariga tayyorgarlik uchun yoshlar jamoamizni ham ana shunday inventarlar bilan ta`minlash bo`yicha taklif bildirdi. MOQ raisi ushbu taklifni qo`llab-quvvatladi va kerakli inventarlarning aniq miqdori, ular kimlar uchun mo`ljallanishi borasida ma`lumot taqdim etilishini so`rab o`tdi.

Ta`kidlash joiz, may oyida ushbu sport turida hamyurtlarimizni lisenzion musobaqa kutib turibdi. Hozirda Tuyabo`g`iz suv omborida ushbu turnir uchun saralash musobaqasi o`tkazilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar