1

Xorijiy tele-kino guruhlari Yangi O`zbekiston haqida filmlar suratga oladi

Madaniyat 23.03.2021, 09:55
Xorijiy tele-kino guruhlari Yangi O`zbekiston haqida filmlar suratga oladi

Bir qator xorijiy kinokompaniyalar va telekanallar «O`zbekkino» Milliy agentligi hamda Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi bilan hamkorlikda O`zbekiston haqida hujjatli filmlar va ko`rsatuvlarni tasvirga oladi. Bu haqda «O`zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

Rossiya kinokompaniyalari va telekanallarining ijodiy guruhlari O`zbekistonga Navro`z bayrami bilan bog`liq go`zal va o`ziga xos marosimlarni suratga olish, shuningdek, “Yangi O`zbekiston” haqida hujjatli filmlar tayyorlash uchun etib kelgan. Shu kunlarda suratga olish ishlari O`zbekistonning turli hududlarida olib borilmoqda.

«Rossiya-1» telekanalining suratga olish guruhi lokasiyalar va spikerlarni izlab Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishdi. «Yorqin, quyoshli va nihoyatda samimiy O`zbekiston ilk soniyalardanoq yuraklarni zabt etdi. Bizni har bir shahar va qishloqda eng aziz mehmonlar kabi kutib olishmoqda. Chin qalbdan, chin yurakdan! To`g`ri tushuning, men buni boshqa ta`riflashning ilojini topolmadim. Bunday muomala bu erda e`tiqod shakli, turmush tarzidan kelib chiqadi. Biz O`zbekistonni aynan shunday – ochiqko`ngil, mehmondo`st va yangilangan, ammo ko`p asrlik an`analariga sodiq qolgan yurt sifatida ko`rsatishga harakat qilamiz», –deydi «Rossiya-1» telekanali muxbiri Olga Armyakova. Syujetlar «Rossiya-1» telekanali efirida kuni kecha Dmitriy Kiselyovning «Vesti nedeli» dasturi orqali namoyish etildi.

Shu o`rinda ta`kidlab o`tish joizki, rossiyalik hamkorlar bilan loyihalarimiz Butunjahon jamiyatining IV xalqaro Kongressida «O`zbekkino» Milliy agentligi va Rossiya kinoijodkorlari o`rtasida tuzilgan shartnomalar va memorandumlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Rossiyadan tashqari biz Euronews, BBC, CNBC va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ydik. Hozirgi kunda agentlik yana bir qator etakchi xorijiy telekanallar va kinokompaniyalar bilan ham qo`shma loyihalarni imzolash bosqichida turibdi”, - deydi “O`zbekkino” MA Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

«Masterskaya» kinokompaniyasining suratga olish guruhi Navro`z bayrami haqida film suratga olish uchun to`g`ri Boysunga yo`l oldi. Bu kino guruhi rahbari Saida Medvedevaning O`zbekiston haqidagi birinchi filmi emas. Bundan bir necha yil «Rossiya-2» telekanalida uning «O`zbekiston – qumliklar javohiri», «Qoraqalpog`iston – vaqt qumlari oralab» va boshqa filmlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan, mazkur filmlar EOAVMA bilan hamkorlikda ishlangan. O`shanda suratga olish guruhi ijodkorlari milliy shoyi matosining sirlarini, ko`hna Samarqand qog`ozining pishiqligini, milliy taomimiz palovning betakror ta`mini va o`zbek nonlarining xushbo`yligini kashf etishgan edi. Bugun esa «O`zbekiston. Yangilanayotgan tarix» nomli yangi film suratga olinmoqda. Film Respublikamiz Mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlanadi.

«Hammamizga ma`lumki, O`zbekistonning tarixi juda boy va murakkab davrlarni o`zi ichiga oladi, shuning uchun bu davlatning hozir nimaga intilayotgani, mamlakatda qanday iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilayotgani biz uchun juda qiziqarli», – deydi Saida Medvedeva.

«Divi» kinokompaniyasi «Rossiya-Kultura» telekanali uchun «Asrlar qa`ridan kelgan maktublar», «Dasturxon tafti va saxovati», «Quyoshli madaniyatlar tutashuvi», «Quyoshga ostidagi zamin» nomlari ostida O`zbekistonning an`analari, madaniyati va tarixi haqida to`rtta hujjatli filmni suratga olish uchun uchib keldi. «O`zbekiston chindan ham diqqatga sazovor joymi yoki yo`qmi, deb muhokama qilish, bu-ortiqcha gap. Chunki, bu zaminda g`aroyib tarixiy-madaniy landshaftlar, me`morchilikning yuksak namunalari joylashgan. Bu ajoyib mintaqadagi nur va quyoshning jilvakor o`yinlarini tasvirga olish esa har qanday kinematografning orzusidir», - deydi «O`zbekiston, Sevgi afsonalari» filmi va "O`zbekiston. Erishilgan ochiqlik" bilan tanilgan rejissyor Elena Kojevnikova.

Va nihoyat, rejissyor Nikita Snegov va tasvirchi Nikita Rozovlardan iborat, «DokuMentalist» kinokompaniyasining suratga olish guruhi, Valdis Pelsh prodyusserlik qilayotgan «O`zbekiston. O`tmish. Bugun. Kelajak» nomli hujjatli film ustida ish boshlaydi. «Biz insoniyat tomonidan amalga oshirilgan kashfiyotlari hayotda, me`morchilikda, tibbiyotda va hayotning boshqa barcha sohalarida g`aroyib, juda go`zal o`zgarishlarga olib keladigan, O`zbekistonning 30-40 yil keyingi kelajagiga nazar solishga harakat qilamiz», - deydi Valdis Pelsh.

Rossiya kinokompaniyalari bilan hamkorlikda yaratilgan filmlarni quyidagi havolada ko`ring va baho bering:

“O`zbekiston, Sevgi afsonalari”

“O`zbekiston – qumliklar javohiri”

“Qoraqalpog`iston – vaqt qumlari oralab”

"O`zbekiston. Erishilgan ochiqlik"

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1