SSV Matbuot xizmatining poliomielit kasalligi bo`yicha savollariga vazirlik qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim mudiri Dilorom TURSUNOVA javob berdi.
— Mintaqamizda poliomielit kasalligi tarqalishi avval ham kuzatilganmi?
— Mamlakatimizda poliomielit kasalligi bilan og`rigan bemor oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan. Bu yo`nalishda olib borilgan qat`iy sanitariya holatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar orqali O`zbekiston Respublikasi 2002 yilda “Poliomielitdan holi bo`lgan hudud” degan sertifikatga ega bo`ldi.
Qo`shni Tojikiston hududida esa, 2010 yilda ham o`tkir yuqumli poliomielit kasalligi, polivirusning birinchi tipiga chalingan bemor aniqlangan. O`sha paytda olib borilgan tezkor ehtiyot choralari sababli bu xastalik mamlakatimizga kirib kelmadi.
2010 yilda mamlakatimizdagi barcha besh yoshgacha bo`lgan bolalar hamda Surxondaryo viloyatidagi 35 yoshgacha bo`lgan aholi poliomielit kasalligiga qarshi emlangan edi.






