Telegram kanallarda Buxoro shahar Hamza ko`chasi yoqasida qurilayotgan qurilish ob`ekti holati tasvirlangan lavhalar paydo bo`ldi. Unda qurilish bo`layotgan binodan g`ishtlarning qulagani aks etgan.
Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan holat o`rganib chiqildi.
Ma`lum bo`lishicha, Buxoro shahar Xamza ko`chasi yoqasida “IMPALA COLLECTION BUSINESS” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga 1-qavatida savdo maishiy xizmat ko`rsatish va yuqori qavatlari ko`p xonadonli turar joy binosi qurilishi uchun shahar hokimining 2018 yil 7 sentyabrdagi 2849-sonli qarori asosida ruxsat berilgan. “IMPALA COLLECTION BUSINESS” MChJ 2020 yil 1 dekabrda Davlat xizmatlari agentligi orqali Buxoro viloyati qurilish boshqarmasiga ART (arxitektura rejalashtirish topshirig`i) hujjatini rasmiylashtirish uchun tegishli tartibda murojaat qilgan hamda boshqarma tomonidan 1706-17066401-6810-sonli ART tayyorlab berilgan. Loyiha tashkiloti “Arkada arxstroy servis” MChJ tomonidan ishlab chiqilib, kelishilgan bosh reja konsepsiyasi joylashuvi asosida qurilish montaj ishlari olib borilgan. Ushbu MChJ tomonidan qurilayotgan ob`ektning tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari, ekspertiza xulosasi hamda Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan qurilishni boshlash uchun xabarnoma hujjatini rasmiylashtirmasdan ishlar bajarilganligi uchun inspeksiya 2020 yil 14 sentyabr kuni qurilishni to`xtatish haqida 51-sonli yozma ko`rsatma bergan.
Shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirgunga qadar qurilish ishlarini vaqtinchalik to`xtatishga ispeksiya tomonidan berilgan ko`rsatmaga amal qilmay ob`ektda ishlarni davom ettirganligi uchun esa O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksi 99-moddasining tegishli bandi bilan “IMPALA COLLECTION BUSINESS” MChJ mas`ul shaxsini ma`muriy jarimaga tortish bo`yicha tayyorlangan hujjatlar sud organiga taqdim etildi.






