AsosiyJamiyat

Besoqolbozlik mavzusidagi xabarlarni tarqatmang! Bu tuynuk — IIBB

'Besoqolbozlik mavzusidagi xabarlarni tarqatmang! Bu tuynuk — IIBB'ning rasmi

Bugun internetning qaysi tarmog`iga kirmang shu mavzu muhokama qilinmoqda. Rasmiy internet nashrlaridan tortib, quruvchi yoki dehqonlar ham shu mavzuni muhokama qilish bilan ovora. Afsuski biz bu bilan LGBT mavzusini o`zimiz bilmagan holda ommalashishiga sababchi ham bo`lyapmiz. Bu masalani ko`tarayotganlarning maqsadi ham shu asli.

Bu mavzuda gapirayotganimizda ko`z oldimizda sodir bo`layotgan muhim bir masalaga e`tibor bermayapmiz.  

Hayotiy misol aytaman. Menga xizmat yuzasidan kun davomida ko`plab internet foydalanuvchilari savol yo`llashadi. Asosiy savollar ichki ishlar organlariga xizmatga kirish yoki tizim bilan bog`liq boshqa masalalarda bo`ladi. Shu qatori bugungi kunda ommalashayotgan boshqa mavzularda ham murojaatlar kelib turadi. Ularni imkon qadar tegishliligi bo`yicha mas`ul tashkilotlarga yo`naltirishga harakat qilaman.

Gapning indallosi, bugun menga ana shu kabi kunlik murojaatlar orasida bir savol kelib tushdi. Men esa nima qilishni, nima deyishni ham bilmay qoldim. Endi buni kimga yo`naltiray?  Nima deb javob beray?  Ayni shu savol maqolani yozishga ham majbur qildi.

Savolning qisqacha mazmuni quyidagicha edi;

• Assalomu alaykum. Meni savolim bor edi, mumkinmi?

• Assalom alaykum. Marhamat.

• LGBT degani bu nima? Shu haqida ma`lumot bersangiz iltimos.

• Kechirasiz, kimsiz, yoshingiz nechada?

• Internetda LGBT yoshlari haqida gapirishyapti, o`zim ....... tumanidanman, yoshim 16 da.

Ushbu savol egasi 16 yoshli qizaloq edi. Endi tushunyapsizmi ularning maqsadi nimaga borib taqalayotganini.

Internetda bu mavzudagi video, foto yoki yozma maqolalarni tanish guruhlarimizga tarqatish orqali biz tashqaridan turib millatimizni, yoshlarimizni ongini zaharlashga harakat qilayotgan shaxslarni maqsadiga erishishida yordam beryapmiz.

Hattoki ba`zi rasmiy internet nashrlarining ko`chada yurib, yoshi kattayu, kichiklardan LGBT haqida fikr so`rab chiqishlari, keyin unga anonslar tayyorlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishdan maqsad nima?

Balki buning yomon oqibatlarini odamlarga etkazish dersiz. Unda sizga haqli bir savol?

Har bir Sigareta qutilarining ustida tamaki insonni o`ldirishi, og`ir xastaliklarni keltirib chiqarishi haqida, inson o`pkasining qo`rib borayotgan suratlari bilan joylashtirilgan. Xo`sh, bu bilan jamiyatimizda chekuvchilar yo`q bo`lib ketdimi?, biror chekuvchi shu eslatmani ko`rib sigareta chekishni tashlab yuborganini bilasizmi?

Unutmang, fikrlar xoh ijobiy, xoh salbiy bo`lsin, mavzuning keng tarqalishi davom etar ekan, qayta-qayta eshitayotgan odamlarda shu holatga nisbatan odatiy narsa deb qarash paydo bo`lib boradi. Keyin esa o`sha illatni jamiyat orasiga qo`shib yuborish oson kechadi.

Qarshi namoyish o`tkazish orqali nimaga erishamiz?

Besoqolbozlikni targ`ib qilayotganlar biror bir aholi gavjum joyga turib olib, videoni bo`rttirish orqali mana biz namoyish o`tkazyapmiz deyishi mumkin. Aslida esa ular 3,4 kishi, orqa fonda qolganlar esa oddiy fuqarolarimiz bo`lishadi.

Shunda biz qiziqqonlik qilib ularga qarshi namoyish o`tkazishimiz mumkinligini ular bilishadi. Tabiiyki bu chiqishimiz ham internet tarmoqlari, OAV orqali videolar shaklida keng tarqaladi. Hukumat esa tinchlikni saqlash maqsadida, namoyishchilarni qo`lga oladi. Keyin odamlarda davlat LGBT a`zolarini himoya qilayapti degan fikr paydo bo`ladi. Bu orqali, fuqarolar orasida davlatga qarshi nizo keltirib chiqariladi.

Shu tariqa mavzu to bora ommalashib, trend darajasiga chiqib boradi. Qarabsizki bu ish sigareta chekish kabi, odatiy yomon bir illatga aylanib qoladi.

Har kuni eshitayotgan yoshlar bu mavzudan hayratlanmaydigan bo`lib borishadi. Masalan, janjalda o`z akasini pichoqlayotgan ukalar haqida doim ko`rib, eshitib kelayotgan uka bir kuni akasi bilan urishib qolsa o`sha doim ko`rgan, eshitganlari birrov hayoliga kelib qolishi mumkin. Voqeaning davomi uning ruhiy holati va xarakteriga bog`liq bo`ladi.

Muxtasar aytganda hozirgi vaziyatda LGBT tarafdorlari uchun eng yaxshi jazo ularni e`tiborsiz qoldirish. Trend mavzuga chiqarmaslik.

Qonunchilikka ko`ra mamlakatimizda besoqolbozlikka nisbatan jinoyat kodeksining 120-moddasi bilan jinoiy javobgarlik belgilangan. Ushbu qonun kuchda ekan, bu ishni qilganlarga ta`sir choralari qo`llaniladi. Biz esa ularni pisand qilmaslik orqali rad etishimiz kerak.

Bobur TULYaGANOV  

IIBB Axborot xizmati rahbari

    Boshqa yangiliklar