“2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Hujjat bilan:
➖ davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020/2021 o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilash;
➖ ehtiyojmand oilalar qizlari uchun “ijtimoiy lift” tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlarini ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga davlat buyurtmasi parametrlari:
a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
kunduzgi taʼlim shakliga – 115 343 nafar;
sirtqi taʼlim shakliga – 36 211 nafar;
kechki taʼlim shakliga – 6 325 nafar;
b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 914 nafar;
v) nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 nafar etib tasdiqlanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli bo‘yicha 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratilishi mumkin.
Loyiha 10 aprelga qadar muhokama qilinadi.






