AsosiyJamiyat

«Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish o`tgan yilgiga nisbatan 5 barobarga ko`paygan», — Biznes-ombudsman

'«Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish o`tgan yilgiga nisbatan 5 barobarga ko`paygan», — Biznes-ombudsman'ning rasmi

Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda  Biznes-ombudsman matbuot kotibi Abduvali Abdumavlonov ma`lum qildi.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida 23 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 15 596 ta tekshiruv o`tkazilgan bo`lib, shundan 48 tasi (0,3 foizi) Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda, qolgan 15 548 tasi (99,7 foizi) uni xabardor etgan holda o`tkazilgan.

 Nazorat qiluvchi organlarning kelishish uchun kiritilgan jami 225 ta buyurtmalaridan 48 tasi (21,3 foizi) kelishilgan va qolgan 207 tasi (78,7 foizi) tekshiruv o`tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo`lmaganligi sababli rad etilgan.

️Tadbirkorlar faoliyatida 2021 yil yanvar-fevral oyida amalga oshirilgan tekshiruvlar soni 2020 yilning shu davri bilan solishtirilganida 5 barobarga ko`paygani kuzatilmoqda  

Ma`lumot uchun: 2020 yil yanvar-fevral oyida tadbirkorlar faoliyatida o`tkazilgan jami tekshiruvlar soni 3 024 tani tashkil qilgan bo`lsa, joriy yil ushbu ko`rsatkich 15 596 taga etdi.

O`tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tekshiruvlarini o`tkazishning qonuniyligi monitoringi amalga oshirilib, monitoring doirasida 14 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan 976 ta noqonuniy tekshiruvlar o`tkazilgani, 9 ta nazorat organi tomonidan 4 984 ta holatda tekshirish tartibi buzilganligi aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo`yicha nazorat organlarining 166 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va ularning rahbarlariga qonun buzilish holatlari yuzasidan 11 ta taqdimnomalar kiritilgan.

Natijada, qonun buzilish holatlariga yo`l qo`ygan nazorat organlarining mansabdor shaxslariga sudlar tomonidan ma`muriy jazolar tayinlangan, hamda tartibbuzarliklarga yo`l qo`ygan xodimlarga nazorat organlari rahbarlari tomonidan intizomiy jazo choralari qo`llanildi.

Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlarning shaffofligini ta`minlash maqsadida Biznes-ombudsman tomonidan telegram messendjerida interaktiv bot — @tekshiruvinfo_bot yaratilgan. Ushbu bot orqali tadbirkorlar o`zlarida o`tkazilishi rejalashtirilgan tekshiruvlar to`g`risidagi ma`lumotlarni erkin olish imkoniyatiga egadirlar.

 

    Boshqa yangiliklar