“Xo`jaliklararo qishloq avtomobil yo`llarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko`chalarini ta`mirlash va saqlash ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hukumat qarori loyihasi e`lon qilindi.
Mintaqaviy avtomobil yo`llarini yanada rivojlantirishning asosiy ustuvor yo`nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- mintaqaviy avtomobil yo`llarining mavjud tarmog`i saqlanishini muvofiqlashtirish, ularning yuqori transport-foydalanish darajasida bo`lishini ta`minlash;
- hududlarning zamonaviy yo`l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo`yicha tizimli chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
- mavjud mintaqaviy avtomobil yo`llarini qayta tiklash bo`yicha ta`mirlash ishlarini olib borish orqali yo`l tarmog`i xavfsizligini ta`minlash;
- mintaqaviy avtomobil yo`llarini saqlash (ekspluatasiya qilish) xususiyatlari oshirilishini hisobga olgan holda, yo`l qurilish materiallarini ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari va yo`l qoplamalarini ta`mirlashning innovasion usullarini joriy etish;
- mintaqaviy avtomobil yo`llarini ta`mirlash va saqlash bo`yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni malakali mutaxassislar, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan ta`minlash;
- mintaqaviy avtomobil yo`llarini ta`mirlash va saqlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining respublika shaharlari va tumanlaridagi Obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida “Mintaqaviy avtomobil yo`llaridan foydalanish” unitar korxonalarini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Shaharsozlik me`yorlari va qoidalariga muvofiq mintaqaviy avtomobil yo`llarini saqlash, ulardan foydalanish va joriy ta`mirlash ishlarini o`z vaqtida va sifatli bajarish korxonalarning asosiy vazifasi etib belgilanadi.
Mintaqaviy avtomobil yo`llarini saqlash, ulardan foydalanish va joriy ta`mirlash ishlarining moliyalashtirish manbalari etib Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo`llarini rivojlantirish maqsadli jamg`armalari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjet mablag`lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilanadi.






