Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari, yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitalari tomonidan “Voyaga etmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlashga oid dolzarb masalalar” mavzusida davra suhbati o`tkazildi.
Ushbu tadbir Xalq ta`limi, Sog`liqni saqlash, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Maktabgacha ta`lim vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi – YuNISEF hamda boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda voyaga etmaganlarni reproduktiv salomatlik masalalari bo`yicha o`qitish bilan bog`liq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza yaratilgan.
Xususan, bu jarayon ta`lim va sog`liqni saqlashni boshqarish organlari bilan birgalikda voyaga etmagan shaxslarning yoshi, psixologik va jismoniy o`ziga xosliklari hisobga olingan holda ularning oilalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan, maxsus tasdiqlangan dasturlarga ko`ra amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda umumta`lim maktablarining 1-4-sinflarida “Salomatlik darslari” o`quv kursi atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, jismoniy tarbiya fanlari, 5-8-sinflarda “Sog`lom avlod asoslari”, 9-11-sinflarda “Sog`lom turmush madaniyati” o`quv kurslari biologiya, texnologiya, jismoniy tarbiya fanlari doirasida hamda 9-10-sinflarda biologiya fani doirasida reproduktiv salomatlik, o`smirlar fiziologiyasi masalalari o`qitib kelinmoqda.
Bundan tashqari, 2020-2021 o`quv yilidan boshlab 1-11-sinflarda “Tarbiya” fani joriy etilib, reproduktiv salomatlik savodxonligini oshirishga qaratilgan mavzular kiritildi.
Qolaversa, Xalq ta`limi, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash hamda Sog`liqni saqlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va BMTning bolalar jamg`armasi – YuNISEF va boshqa tuzilmalari bilan hamkorlikda voyaga etmaganlarning reproduktiv salomatligini saqlash yo`nalishida targ`ibot tadbirlarini o`tkazib kelmoqda.
Davra suhbatida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada hal etilishi zarur bo`lgan muammolar ham mavjudligi ta`kidlandi.
Jumladan, yoshlar orasida tibbiyot va ta`lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig`inlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda sog`lom oilani shakllantirish, o`smirlar, ayniqsa, o`smir qizlar reproduktiv salomatligini mustahkamlash bo`yicha keng targ`ibot va tushuntirish ishlari tashkil etilmayapti.
Bundan tashqari, davra suhbatida senatorlar tomonidan hududlarda o`tkazilgan o`rganishlar davomida umumta`lim maktablarida reproduktiv salomatlik va o`smirlar fiziologiyasi masalalarini o`qitish masalasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida olib borilmayotganligi, shuningdek ushbu o`quv dasturlarini maxsus tayyorgarlikdan o`tgan mutaxassislar tomonidan o`qitilishi belgilangan bo`lsa-da, aksariyat maktablarda nomutaxassis pedagog xodimlar tomonidan o`qitilayotganligi qayd etildi. Shuningdek, reproduktiv salomatlik va o`smirlar fiziologiyasi masalalarini o`qitish uchun alohida dars soatlari ajratilmagani, ayrim hollarda mazkur mavzulardagi mashg`ulotlar darslar oralig`idagi katta tanaffuslar paytida ham tashkil etilayotganligi tanqid ostiga olindi.
Qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan o`quv qo`llanmalar, seminar-trening mashg`ulotlari o`tkazish bo`yicha yo`riqnomalar umumta`lim maktablariga to`liq etkazilmagan.
Tadbir yakunlari bo`yicha idoralararo ishchi guruhi tuzilib, unga sohalardagi etuk pedagog, tibbiyot xodimlari, pedagog-olimlar, psixolog, dinshunos, adabiyotshunos va jamoatchi yoshlarni jalb qilish, ta`lim dasturlariga reproduktiv salomatlik va o`smirlar fiziologiyasi masalalari o`qitilishi yuzasidan ijtimoiy fikrni, xususan maktab o`qituvchilari, o`quvchilari, ularning ota-onalari o`rtasida so`rov o`tkazish, qolaversa, voyaga etmagan shaxslarning fiziologik xususiyatlari hisobga olingan holda, dasturlar ishlab chiqish, ularning oilalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida tanlangan hudud umumta`lim maktablarida sinov tariqasida o`quvchilarni maxsus tayyorgarlikdan o`tgan o`qituvchilar tomonidan o`qitilishini tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.
Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil etish asosida davra suhbati ishtirokchilari tomonidan voyaga etmaganlarning reproduktiv salomatligini saqlash, ta`lim muassasalari o`quv rejalariga reproduktiv salomatlik va o`smirlar fiziologiyasi bo`yicha tegishli o`quv yuklamalarini kiritish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.






