Yaqinda Chilonzor tumanidagi 16-shahar shifoxonasi mast fuqaro shifokorni kaltaklagani xabar berilgan edi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari hamda O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi ishchi guruhi ushbu xabarga oydinlik kiritib, haqiqiy holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi. Bu haqda “darakchi.uz”ga O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 24 mart kuni kech soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N onasi hamroxligida tekshiruvga olib kelingan. Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Toshpo‘latovaga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganganini bildirgan. Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganligini va bundan so‘ng ularni ham qabul qilib kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytgan. Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuxmat so‘zlar bilan eʼtiroz bildirishni boshlagan. Bu ham yetmagandek, fuqaro U.N to‘satdan N.Toshpo‘latovaga og‘ir tan jaroxati yetkazgan. Yetkazilgan tan jaroxati natijasida shifokor ayolning bosh miyasi shishib, burun va ensa suyaklari singan va lat yegan. Ayni paytda u og‘ir axvolda shifoxonaning neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda ekan.
Ustiga ustak bunaqa holat 26 mart kuni soat 23:43 da poytaxtimizdagi “103” dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushganda ham sodir bo‘lgan. Ko‘rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi 7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib borgan bo‘lishiga qaramay 1995 yilda tug‘ilgan shifokor B.Xazratovga to‘satdan tashlanib, boshiga qattiq jism bilan urilgan. Natijada shifokorning bosh miyasi og‘ir jaroxat olgan. Xozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroreanimatsiya bo‘limida og‘ir axvolda yotibdi – deb deputatlarga maʼlumot taqdim etildi.
Bunday hodisalarning sodir etilayotganiga tibbiy madaniyatning keng omma o‘rtasida yetarli darajada shaklanmaganligi, noshukrlik, joxillik kabi illatlarning avj olishi asosiy sabablardan biridir. Hech bo‘lmaganda pandemiya saboqlari shifokorlarning biz uchun naqadar qadrli va qimmatli ekanligini anglatib turishi lozim. Butun dunyoni chulg‘ab olgan baloi ofatni bartaraf etishda kecha-yu kunduz tinim bilmagan shifokorlarning hayotimizdagi o‘rni nechog‘li yuksak ekanligini chuqur his etishimiz zarur. Yana ayoldek moʻtabar zotni urish bu - shifokorlarga tazyiq ko‘rsatishning yuqori cho‘qqiga chiqqanligini anglatmoqda. Bugun davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga alohida diqqat-eʼtibor qaratilayotganligi barchamizga sir emas. Ayol shifokorni kaltaklash esa uchiga chiqqan joxillik va tubanlikdir. Bunday kimsalarga jazo turini kuchliroq joriy etish kerakki, qolganlar bundan namuna olsin. Nima bo‘lgan taqdirda ham kimnidir urish, haqoratlash qonunda qatʼiyan man etilgan. Afsuski, jamiyatimiz kishilari vaziyatni oqilona, qonuniy hal etish o‘rniga kimnidir do‘pposlash va shu yo‘l bilan «popugini pasaytirib qo‘yish»ni afzal biladi. Bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosat va islohotlarga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Deputatlar mazkur o‘rganishlarda shifokorlarning o‘rinli eʼtirozlariga duch kelishdi. Ular quruq gaplardan charchaganliklarini, bir necha yildan buyon aytib kelinsa-da shifokorlarni himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilinmayotganligi, ish faoliyatlarida yuqoridagi kabi zo‘ravonliklardan saqlanish bo‘yicha xavfsiz aniq mexanizm yo‘qligini taʼkidlashdi. Xatto ko‘pchilik shifokorlar bunday holatlarning tez-tez sodir etilayotganligi bois tungi navbatchilikka qolishdan bosh tortayotgan ekan.
O‘rganishlardan xulosa qilib, mahalliy Kengash deputatlari mazkur masala bo‘yicha muammoni yuqori turuvchi Qonunchilik palatasi deputatlariga taklif sifatida yuborishni maqsad qildi.






